Sud hujjatlariga ko‘ra, Bekobod shahar Ichki ishlar bo‘limining sobiq tezkor vakili, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro Nexia-3 rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotib, Qorasuv–Bo‘ka–Bekobod avtomobil yo‘lining 64-kilometrida 43 yoshli piyodani urib yuborgan.
Sudlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, u jabrlanuvchini avtomobilga olib, shifoxonaga yo‘l olgan, biroq keyinchalik voqeani yashirish maqsadida marhumni Do‘stlik kanaliga tashlab yuborgan. Marhumning jasadi qariyb 80 kun davom etgan qidiruvlardan so‘ng topilgan.
Sud majlisida sudlanuvchi qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirib, yengillik so‘radi. Jabrlanuvchi tomon esa qonuniy jazo tayinlanishini talab qildi.
Sud tomonidan to‘plangan dalillar, ekspertiza xulosalari, DNK tekshiruvlari va boshqa materiallar o‘rganilib, sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi hamda 134-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topildi.
Hukmga ko‘ra, sudlanuvchiga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan 3 yil muddatga mahrum qilgan holda, uzil-kesil 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Tomonlarga hukm ustidan qonunda belgilangan tartibda apellyatsiya shikoyati berish huquqi mavjudligi tushuntirildi.