DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi va viloyat prokuraturasi hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda MIB Bekobod shahar davlat ijrochisi pora olayotganda qoʻlga olindi.
Maʼlumotlarga koʻra, u Bekobod tumanida yashovchi fuqaroning aliment qarzdorligi uchun qoʻyilgan xorijga chiqish taqiqini bekor qilish evaziga 20 million soʻm talab qilgan va 13 million soʻmni pora sifatida olgan paytida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, u avvalroq bu xizmat uchun 450 AQSH dollari va 1 mln 300 ming soʻm ham olgani ham aniqlandi.
Sud hukmiga koʻra, davlat ijrochisi JKning 210-moddasi 2-qismi “v” bandi va 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan aybdor deb topilib, 6-yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
2-yil muddatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda moddiy javobgarlik bilan bogʻliq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etildi.








