Bekobodda Xitoy bilan elektromobillarga xizmat koʻrsatish sohasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda

    Bekobod tumanidagi Kasbiy koʻnikmalar markazida “ElectroCar Hub” markazi hamda elektromobillarni taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha xitoylik ekspertlar ishtirokida oʻquv kurslari tashkil etiladi.

    Bu haqda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligida Xitoy Xalq Respublikasi Szyansi provinsiyasi Nyanchang shahridagi Transport kasb-hunar kolleji vitse-prezidenti Syuy Peiying xonim boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv paytida maʼlum qilindi.

    Qayd etilishicha, uchrashuvda Xitoy tajribasi asosida yuqori malakali elektromobil mutaxassislarini tayyorlash, elektromobillarga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash sohasida zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega kadrlarni yetishtirish, shuningdek, xalqaro hamkorlik asosida kasbiy taʼlimni rivojlantirish masalalari mahokama etilgan.

    Xususan:

    • Bekobod tumanidagi Kasbiy koʻnikmalar markazida “ElectroCar Hub” markazi hamda elektromobillarni taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha xitoylik ekspertlar ishtirokida oʻquv kurslarini tashkil etish,
    • “Ish joyida oʻqitish” tizimini hamda elektromobillarni taʼmirlash orqali xalqaro standartlar asosida oʻquv dasturlarini joriy etish va oʻqituvchilarning malakasini oshirish,
    • Milliy va xalqaro kasb mahorati chempionatlarida ishtirok etish,
    • Markaziy Osiyoda yagona Elektromobil oʻquv markazi sifatida qoʻshni davlatlardan ham tinglovchilarni qabul qilish imkoniyatini yaratish masalalari muhokama etilgan.

    Tashrif yakunida ikki tomonlama Anglashuv memorandumi imzolandi.

    Vazirlikning maʼlum qilishicha, 2024-yili Oʻzbekiston delegatsiyasi Xitoyning Szyansi provinsiyasida “Elektromobillarni taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish” boʻyicha malaka oshirib qaytgan edi. Ular ishtirokida yangi oʻquv dasturi ishlab chiqilib, Jahon banki hisobidan 10 ta Kasbiy koʻnikmalar markazi zamonaviy uskuna bilan jihozlandi.