Daryo uzra qad rostlagan yangi koʻprik nafaqat yoʻllarni, balki insonlarning dillari va orzularini bogʻladi.
Tantanali ochilish marosimida Prezident Administratsiyasi masʼul xodimlari, Toshkent viloyati rahbariyati, tuman faollari, nuroniylar, yoshlar va qurilishda ishtirok etgan bunyodkorlar qatnashdi. Ular bu inshootni “yangi hayotga eltuvchi ishonch koʻprigi” deb atadilar.
Aslida, bu loyihaning tarixi 1989-yilga borib taqaladi. Oʻshanda qurilish boshlangan, ammo 1991-yilda turli sabablar bilan toʻxtab qolgan edi. Ordan 34-yil oʻtib, 2025-yilda Prezident qarori bilan ish qayta yoʻlga qoʻyildi va uzoq kutilgan orzu amalga oshdi.
72 milliard soʻmlik loyiha doirasida 200 metrli koʻprik hamda 6 kilometrli zamonaviy yoʻl qurildi. Yoʻl boʻylab tungi yoritish chiroqlari, piyodalar va nogironlar uchun qulay yoʻlaklar, toʻrt tasmali harakat yoʻli tashkil etildi.
Endilikda bu yoʻldan kuniga 14 mingtaga yaqin transport vositasi bemalol harakatlanmoqda (avval 2 mingta atrofida edi). Eng muhimi, “Doʻstlik” va “Yangiovul” mahallalaridan tuman markazigacha boʻlgan masofa 44 kilometrga qisqardi.
Bu oʻzgarish odamlar vaqti va mehnatini tejaydi, iqtisodiy faollikni oshiradi, oilalarning hayotini yengillashtiradi. Koʻprik nafaqat sohillarni, balki insonlarning qalbini bogʻladi — u Bekobodning yangi yuzi, yangi nafasiga aylandi.








