Professional boksning superoʻrta vazn toifasida faoliyat yurituvchi charm qoʻlqop ustamiz Bektemir Meliqoʻziyev ringga qaytmoqda.
Hamyurtimiz avval xabar berilganidek, 30-may kuni Las-Vegas shahridagi Virgin Hotels majmuasida tashkil etiladigan prof boks oqshomida ishtirok etadi. 29 yashar Meliqoʻziyevga oʻsha kuni amerikalik Daryus Fulgxem raqiblik qiladi. Jang superoʻrta vazn toifasida, WBA Eliminator maqomida oʻtkaziladi. Ushbu toʻqnashuv gʻolibi keyingi jangini aynan chempionlik kamari uchun oʻtkazadi. Meliqoʻziyev ayni damda ushbu tashkilot reytingida uchinchi oʻrinni egallab turgan boʻlsa, Fulgxem toʻrtinchi pogʻonada bormoqda.
Superoʻrta vaznda meksikalik Saul Alvares WBA Super kamari sohibi boʻlsa, Kaleb Plant vaqtinchalik kamarga egalik qiladi. Shuningdek, Uvel Ernandes WBA Gold chempioni hisoblanadi.
Maʼlumot uchun, Bektemir Meliqoʻziyev faoliyati davomida 16 ta jang oʻtkazib, 15 gʻalaba (10 KO) va 1 ta magʻlubiyat qayd etgan. Daryus hisobida esa 14 ta jangda qoʻlga kiritilgan 14 ta gʻalaba (12 KO) bor.