Bektemir Meliqoʻziyevning navbatdagi jangi tafsilotlari maʼlum boʻldi

    Bokschimiz Bektemir Meliqoʻziyev professional faoliyatidagi 15-jangini 20-aprel kuni Las-Vegas (AQSH) shahrida oʻtkazadi.

    Bu haqda uning menejeri Vadim Kornilov xabar berdi.

    Oʻsha kuni Meliqoʻziyevga kim raqiblik qilishi hozircha maʼlum emas. Shunisi aniqki, Bektemir markaziy jangi Rayan Garsiya va Devin Xeyni oʻrtasida kechadigan oqshom kardida ringga chiqadi.

    Maʼlumot uchun, ayni paytda AQSHda mashgʻulotlarni davom ettirayotgan Meliqoʻziyev oʻz vazn toifasida WBA Intercontinental va WBO Intercontinental kamarlari sohibi hisoblanadi.

    U soʻnggi jangini 2023-yil oktyabr oyida Alantes Foksga qarshi oʻtkazib, toʻrtinchi raundda texnik nokaut orqali gʻalabaga erishgan edi. Uning hisobida jami 13 ta gʻalaba va 1 ta magʻlubiyat bor.