Bektemirdan Chorvoqqa boruvchi yoʻlning bir qismi pulli boʻlishi mumkin

    Shu yilning 20-sentyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbariyati hamda Turkiyaning “Onur Group” kompaniyasining Moldova va Ruminiya davlatlaridagi loyihalar boʻyicha direktori Bulent Tatar oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, ikki mamlakat oʻrtasida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) sohasida hamkorlik rivojlanib borayotgani, jumladan, avtomobil yoʻllari, tonnellar qurish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan erishilgan kelishuvlar mamnuniyat bilan eʼtirof etildi. Mazkur sohadagi salohiyatli hamkorlik nuqtalari atroflicha muhokama qilinib, qayd etilgan yoʻnalishlarda mavjud loyihalar koʻrib chiqildi.

    Shuningdek, kompaniya Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki kabi yirik investitsiya institutlari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar uchun xizmatlar koʻrsatishi qayd etildi.

    Xususan, DXSH asosida 4P12 “Bektemir sh. – Chirchiq sh. – Gʻazalkent sh.– Chorbogʻ qoʻrgʻoni” avtomobil yoʻlining 6–77 km qismini asfalt-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilib, pullik yoʻlga oʻtkazish loyihasi yuzasidan muzokaralar olib borildi.

    Maʼlumot uchun: loyiha joriy yilning 18-sentyabr kuni “Onur Group” kompaniyasi ekspertlari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi xodimlari ishtirokida joyiga chiqqan holda oʻrganildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani amalga oshirish boʻyicha tegishli hujjatlarni tayyorlash va uni amalga oshirish boʻyicha keyingi qadamlarni belgilab olish yuzasidan kelishuvga erishdi.