Bekzod Abdurahmonov Tokio-2020 Olimpiadasining bronza medalini qoʻlga kiritdi

    Sport 6 Avgust 2021 903

    Mahoratli erkin kurashchimiz Bekzod Abdurahmonov (-74 kg) Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarining bronza medaliga sazovor boʻldi. Kurashchimiz shohsupaga koʻtarilish uchun kechgan bellashuvda qozogʻistonlik raqibini magʻlubiyatga uchratdi.

    Bu bosqichda vakilmizga 2019-yilgi JCH sovrindori Daniyar Kaysanov raqiblik qildi. Bellashuv davomida tezkor harakatlari va abjirligi bilan ajralib turgan Abdurahmonov yakunda oʻz gʻalabasini tantana qilib, delegatsiyamiz hisobiga yana bir medalni qoʻshib qoʻymoqda. Shu tariqa delegatsiyamiz hisobidagi medallar 2 tadan oltin va bronzani tashkil etib turibdi.

    Qayd etish joiz, 2 karra JCH sovrindori, 2 karra Osiyo oʻyinlari chempioni Abdurahmonov 5 yil muqaddam Rio-2016 Olimpiadasida ushbu bosqichda imkoniyatni boy berib qoʻygan edi. Bugun u chiroyli gʻalabasi bilan millionlab muxlislarimizga katta quvonch ulashdi va oʻz sovrinlari orasida Olimpiada medalini ham qoʻshib qoʻymoqda.

    Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi ushbu muvaffaqiyat bilan Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasini, Bekzod Abdurahmonovning va uning yaqinlarini, barcha muxlislarimizni samimiy tabriklab qoladi.