Bel ogʻrigʻi jiddiy xastalikmi

    Salomatlik 22 Noyabr 2020 18628

    Umurtqalararo disk churrasi kasalligining paydo boʻlish sabablari, uni aniqlash yoʻllari haqida tibbiyot fanlari doktori, professor Shohaydar Shotursunov quyida fikri bilan boʻlishadi.

    — Umurtqalararo disk churrasi kasalligi umurtqaning harakatchan boʻlgan boʻyin va bel qismlarida koʻproq uchraydi. Bemor oʻzida ushbu xastalik rivojlanayotganini mustaqil bila olmaydi. Shifokor koʻrigi vaqtida oʻtkaziladigan kompyuter va magnit rezonans tomografiya tekshiruvi xulosasi orqaligina bu borada aniq tashxis qoʻyilishi mumkin.

    Churraning kimda, qachon va qanday paydo boʻlishi mumkinligini oldindan aytish qiyin. Negaki, bu kasallikning muayyan kasb egalari yoki maʼlum bir hududda yashaydiganlarga emas, balki barchaga birdek xavf solishi ehtimoli mavjud. Hatto bir yoshgacha boʻlgan goʻdaklarda ham churralarning tugʻma shakli kuzatiladi. Ammo ogʻir mehnat natijasida ham yuzaga kelishi mumkin.

    Kasallikni keltirib chiqaruvchi omillar:

    - Qorin ichki bosimining oshishi;

    - ogʻir jismoniy mehnat;

    - tana vazniga nisbatan muntazam ogʻir yuk koʻtarish;

    - peshob ajralishining qiyinlashuvi;

    - qabziyat;

    - uzoq vaqt bezovta qilgan yoʻtal;

    - umurtqa osteoxondrozi;

    - shikastlanish;

    - kam harakatlilik;

    - ortiqcha vazn;

    - naslda bu xastalikning borligi;

    - ayollarda tugʻruq vaqtidagi zoʻriqishlar churra hosil boʻlishiga taʼsir etuvchi omillar hisoblanadi.

    Bundan tashqari, mazkur omillarning barchasi churra boʻlganda uning qisilishiga sabab boʻlishi ham mumkin.

    — Umurtqalararo disk churrasida mushak va paylar tortilib, ogʻriq paydo boʻladi. Kislorod va ozuqalar yetishmasligi bois qoʻl-oyoqlar muzlaydi, uyushadi, kishi holsizlanadi. Harakatlanganda va yurganda bezovtalik kuzatiladi. Kasallik oʻtkazib yuborilsa, nogironlik darajasigacha olib kelishi ham mumkin.

    Koʻpchilik beldagi ogʻriqqa u qadar jiddiy eʼtibor bermaydi. “Tuz yigʻilishi”, “nerv tolalarining shamollashi” kabi taxminlar, odatda, xastalikning oʻtkazib yuborilishiga sabab boʻladi. Shuningdek, ogʻriq qoldiruvchi surtmalardan foydalanish ham keyinchalik ayrim asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

    — Churra xurujida koʻngil aynishi, qayt qilish, churra joylashgan soha atrofi qoʻl bilan paypaslanganida qorinda toʻlgʻoqsimon ogʻriq kuzatiladi. Churra kattalashib, tarang boʻlib qoladi. Bu holatlarda ogʻriq qoldiruvchi dorilar qabul qilish taqiqlanadi.

    Churra tashxisi qoʻyilgach, oʻzbilarmonlik bilan davolash aslo mumkin emas! Eng toʻgʻri tanlov — shifokor koʻrigidan oʻtish hamda buyurilgan davo muolajalarini bajarish. Kimlardir umurtqa pogʻonasini bosish, uqalash va shunga oʻxshash amaliyotlar bilan davolashni taklif etadi. Bu kabi choralar shikastlangan umurtqani yana-da qiynab qoʻyishi, kasallik zoʻrayishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar beradi.