Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi

    Joriy yil 27-avgustda Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi Raisi N.I.Kochanovaning Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Oliy Majlis Senatining Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda parlament aʼzolari, parlament devonlari xodimlari, vazirlik va idoralar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari vakillari hamda Oʻzbekiston va Belarus diplomatik vakolatxonalari xodimlari ishtirok etdi.

    Kun tartibiga binoan ikki tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollari muhokama etildi, parlamentlararo hamkorlikni, mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat parlamentlari palatalari rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi. Bir qator rejalashtirilgan qoʻshma tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.

    Ikki tomonlama hamkorlik, parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlashda erishilgan natijalar ikki mamlakat xalqlarining uzoq muddatli doʻstlik rishtalari bilan bogʻlangan intilishlari va manfaatlariga toʻla javob berishi alohida taʼkidlab oʻtildi.

    Tomonlar oʻzaro manfaatli keng koʻlamli masalalar boʻyicha parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

    Majlisda tegishli “yoʻl xaritalari”ga kiritilgan qoʻshma savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirishning borishi ham koʻrib chiqildi. Ularning amaliy roʻyobga chiqarilishida parlament koʻmaklashishi uchun oʻzaro manfaatdorlik va yaqin hamkorlik qilishga tayyorlik tasdiqlandi.

    Shu maʼnoda joriy yil fevral oyida Toshkentda katta muvaffaqiyat bilan oʻtkazilgan Ikkinchi Oʻzbekiston -Belarus mintaqalar forumi qarorlari va kelishuvlarini hayotga tatbiq etishda ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.

    Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi parlamentlararo hamkorlik komissiyalari doirasidagi muntazam va samarali aloqalarni davom ettirish, ikki mamlakat iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida istiqbolli qoʻshma loyihalarni samarali amalga oshirish boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.