Belarus Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirliklari hamkorlikni mustahkamlaydi

    Xalqaro hamkorlik 16 Noyabr 2022 1988

    Ayni vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi taklifiga binoan Belarus Respublikasi adliya vaziri Sergey Xomenko boshchiligidagi Belarus Respublikasi delegatsiyasi Oʻzbekistonda ishchi tashrif bilan boʻlib turibdi.

    Tashrifdan maqsad – mavjud munosabatlarni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish orqali ikki davlat adliya vazirliklari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining adliya va huquq, shuningdek davlat boshqaruvining muayyan sohalaridagi keng koʻlamli islohotlar jarayonidagi faoliyati bilan tanishish.

    Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Belarus Respublikasi Adliya vazirligi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik 2021-yil 19-mayda Moskva shahrida imzolangan hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimga asosan amalga oshirilyapti.

    Tashrif doirasida 16-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri Akbar Tashkulov va Belarus Respublikasi adliya vaziri Sergey Xomenko oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida Belarus tomonga mamlakatimizda adliya va huquq, shuningdek, davlat boshqaruvining ijtimoiy-iqtisodiy sohalaridagi keng koʻlamli islohotlar haqida hamda ushbu islohotlarning amalga oshirilishida adliya organlarining roli haqida atroflicha maʼlumot berildi.

    Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Belarus Respublikasi Adliya vazirligi oʻrtasida 2023-yilga moʻljallangan hamkorlik dasturi imzolandi. Mazkur dastur ikki davlat adliya vazirliklari oʻrtasida turli turdosh sohalarda birgalikda tadbirlarni tashkillashtirish va chuqurroq tajriba almashishga xizmat qiladi.

    Belarus Respublikasi delegatsiyasi tashrifi doirasida 16–18-noyabr kunlari Toshkent viloyat adliya boshqarmasi, Yunusobod tumani davlat xizmatlari markazi, adliya boʻlimi, FHDYO boʻlimi hamda yuridik xizmatlar koʻrsatish markazi, shuningdek Oʻzbekiston Notarial palatasi va “Madad” NNT faoliyati bilan tanishadi.

    Adliya vazirligi

    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.