O'zbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vazirligi, Jizzax viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, Osiyo belbog'li kurash konfedratsiyasi, O'zbekiston belbog'li kurash federatsiyasi va qator tashkilotlar hamkorligida yuqori saviyada o'tkazilayotgan chempionatda O'zbekiston, Yaponiya, Eron, Hindiston, Indoneziya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston kabi 12 davlatdan kelgan polvonlar kuch sinashmoqda.
Chempionat doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida Osiyo belbog'li kurash konfedratsiyasi prezidenti Mo'minxo'ja Muratov (O'zbekiston), O'zbekiston belbog'li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, Alish xalqaro federatsiyasi prezidenti Adilet Bayaman (Qirg'iziston), Qazaq kuresi assotsiatsiyasi bosh direktori Estek Erlan (Qozog'iston), Jizzax viloyati yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi boshlig'i Jaloliddin O'ktamov jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Matbuot anjumanida Osiyoda belbog'li kurashni, xususan, belbog'li kurash sport turlarini keng rivojlantirish, o'zaro hamkorlik aloqalari xususida ham ta'kidlandi.
Shundan so'ng qirg'iz alish kurashining klassik yo'nalishi bo'yicha bellashuvlar boshlandi. Mazkur yo'nalishda erkaklar o'rtasida 60, 70, 80, 90, 100, +100 kg. vazn toifasida, ayollar o'rtasida esa 55, 60, 65, 70, 75, +75 kg. vazn toifasida 200 ga yaqin sportchi orasidan g'oliblar aniqlandi.
Bugun qirg'iz alish kurashining erkin yo'nalishida bellashuvlar o'tkazilyotgan bo'lsa, ertaga polvonlar belbog'li kurash bo'yicha Osiyo chempionligi uchun bellashadi. 25 may kuni esa qazaq kuresi bo'yicha Osiyo chempionati bo'lib o'tadi.
Ilhom RAHMONOV