Bugun shunday ehtiyojmand bemorlarni davlatimiz oʻz qanotiga olmoqda. Barcha kuch va imkoniyatlarni ishga solib, ularning salomatligini tiklash choralarini koʻryapti.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida davom etayotgan “Salomatlik kunlari” aksiyasi ayni shu maqsadlarni koʻzda tutadi. Mintaqada oʻtkazilayotgan yuqori texnologik operatsiyalarga Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlaridan kelgan eng malakali jarrohlar boshchilik qilmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati aksiya doirasida sogʻlom hayotga qaytgan yana bir bemor bilan suhbatlashdi.
Bibisora Ametova, Nukus shahri:
— Olti yil avval oyogʻim qattiq jarohatlangan edi. Avvaliga Nukusda rejali asosda davolanib yurdim. Lekin kasallik baribir oʻz asoratlarini koʻrsatdi. Oqibatda yurolmay, toʻshakka mixlanib qolgandim.
Shifokorlar “Sizda endoprotezlash amaliyotini oʻtkazish kerak, buning uchun poytaxtga borishingiz zarur” deb bir necha bor tavsiya berishdi. Ammo soʻrab-surishtirsam, bu juda murakkab va qimmat operatsiya ekan.
Shunday ogʻir damlarimda “Salomatlik kunlari” aksiyasi oʻtkazilishini eshitib, umidim yana jonlandi. Nihoyat Nukus shahridagi Respublika koʻp tarmoqli tibbiyot markazining travmatologiya boʻlimiga taklif qilishdi.
Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidan kelgan eng malakali shifokorlar meni tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, jarrohlik stoliga yotqizishdi. Endoprotezlash operatsiyasi muvaffaqiyatli oʻtdi. Hozir oʻzimni yaxshi his qilyapman.
Shifokorlarning ishonch bilan aytishicha, tez kunlarda jarohatlar oʻrni butunlay tuzalib, oyoqqa turib ketar ekanman. Yana avvaligidek mustaqil qadam bosa olishimni oʻylasam, entikib ketyapman. Bundan yaqinlarimning ham boshi osmonda.
Davlat meni bupul davoladi. Yolgʻizlatib qoʻymadi. Xuddi qayta tugʻilgandekman. Yurtimizda inson qadri uchun qilinayotgan ishlar shunchaki balandparvoz gaplar emasligini ich-ichimdan his qildim.