Bemor statsionarga qanday dori vositalarini oʻzi bilan olib kelishi mumkin

    Salomatlik 3 Iyun 2023 1462

    Alohida holatlarda tibbiyot muassasasida bemorlar tomonidan olib kelingan dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlatishga ruxsat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi (roʻyxat raqami 3437, 30.05.2023-y.) bilan Alohida holatlarda tibbiyot muassasasida bemorlar tomonidan olib kelingan dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlatishga ruxsat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Hujjat Prezidentning 2022-yil 26-oktyabrdagi PQ-411-son “Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan. Tartib alohida holatlarda bemorlar tomonidan olib kelingan dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlatishga nisbatan tatbiq etiladi.

    Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:

    • bemorlar tomonidan olib kelingan dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlatishga ruxsat berish, ularni saqlash va qoʻllash tartibi;
    • tibbiyot muassasasi xodimlari (davolovchi shifokor, boʻlim hamshirasi) va bemorlarning dori vositalari va tibbiy buyumlarni tibbiyot muassasasiga olib kelinishi hamda ishlatilishidagi huquq va majburiyatlari.

    Bemorlar tomonidan olib kelingan dori vositalarini ishlatishda davolovchi shifokor:

    • ularning shifokor tomonidan yozilgan retseptda koʻrsatilganligiga ishonch hosil qilishi;
    • dori vositalarining oʻramida koʻrsatilgan yaroqlilik muddati, birlamchi va ikkilamchi oʻramdagi maʼlumotlarning mos kelishi, tashqi koʻrinishining butligini tekshirishi shart.

    Bemorlar tomonidan olib kelingan va alohida saqlash sharoitlarini talab etmaydigan dori vositalari va tibbiy buyumlar bemor joylashtirilgan xonada saqlanadi. Alohida saqlash sharoitlarini talab etadigan dori vositalari tibbiyot muassasasining muolaja xonasida (shu jumladan ushbu xonadagi muzlatkichda) saqlanadi.

    Alohida holatlar – tibbiyot muassasasiga davolanish uchun kelgan bemorlar tomonidan ularning tegishli asosiy kasalliklarini, shuningdek ularda oldindan mavjud boʻlgan yondosh surunkali va atrofdagilar uchun xavf tugʻdiradigan kasalliklarni davolash uchun shifokor tomonidan yozilgan retsept asosida shu kunga qadar qabul qilayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning tibbiyot muassasasiga foydalanish maqsadida olib kelinishi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 1.06.2023-yildan kuchga kirdi.