Bemorlarga order berish tizimi oʻzgardi

    Bilasizmi? 5 May 2021 1618

    Prezidentimizning “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi Farmonida imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga bepul order berish tizimini yana-da takomillashtirish boʻyicha muhim vazifalar belgilandi.

    ✅ Unga koʻra, 2021-yil 1-noyabrga qadar Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bepul tibbiy yordam olish huquqini beruvchi order berish tizimini axborot texnologiyalarini qoʻllagan holda joriy etadi.

    ✅Yangi tartibga muvofiq, endilikda ehtiyojmand oilalar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi asosida aniqlanadi. Shu bilan birga, imtiyozli toifadagi shaxslar uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga davolanadigan kasalliklar roʻyxati, tibbiy xizmatlar hajmi va tibbiyot muassasasining darajalari Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

    ✅ Shuningdek, imtiyozli toifadagi shaxslarga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar hajmi, turi va kasalliklar roʻyxatidan tashqari koʻrsatiladigan tibbiy va boshqa yordamlar qoʻshimcha hisoblanishi hamda ular tomonidan belgilangan tartibda haq toʻlanishi alohida qayd etilgan.

    ✅ 2021-yilda Sogʻliqni saqlash vazirligiga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlari uchun byudjet parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan qoʻshimcha 80 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi

    Matbuot xizmati.