“Aholiga tez tibbiy yordam ko'rsatish tizimini takomillashtirish to'g'risida”gi Prezident qarori asosida joriy yil yakuniga qadar mavjud shifo o'rinlari va shtat birliklari doirasida quyidagilar:

— Markaziy tuman (shahar) shifoxonalaridagi shoshilinch tibbiy yordam bo'limlaridagi shifo o'rinlari pediatriya, terapiya va xirurgiya bo'limlari tarkibiga o'tkazilib, bemorlarni og'irlik darajasi bo'yicha saralaydigan (triaj) tunu-kun ishlaydigan shoshilinch qabul bo'limlari;

— Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududiy filiallari hamda barcha tumanlararo qo'shma shikastlanishlar va o'tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida shoshilinch qabul bo'limlari;

— Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi 1-son, Yashnobod tumanidagi 4-son, Yunusobod tumanidagi 7-son shahar klinik shifoxonalari hamda Uchtepa tumanidagi shahar tez yordam shifoxonasi tarkibida alohida yuridik maqomga ega bo'lmagan tumanlararo qo'shma shikastlanishlar va o'tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etiladi.

Shuningdek, Respublika tez tibbiy yordam markazi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, ularning hududiy filiallari hamda tumanlararo qo'shma shikastlanishlar va o'tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmat turlaridan tashqari xizmatlarni pullik asosda tashkil etishga ruxsat beriladi.

Yangi tashkil etilayotgan tumanlararo qo'shma shikastlanishlar va o'tkir qon-tomir kasalliklari markazlarini jihozlash uchun Jahon bankining “O'zbekistonda COVID-2019 koronavirusi infektsiyasiga qarshi kurashish bo'yicha shoshilinch choralarni ko'rish” loyihasi doirasida iqtisod qilingan mablag'lar yo'naltiriladi.

Qarorda belgilanishicha, 2022 yil 1 sentyabrga qadar shoshilinch qabul bo'limlarining yangilangan shtat normativlari tasdiqlanadi. 2022 yil 1 dekabrga qadar markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shifo o'rinlari fondi aholi soni va kasalliklar yo'nalishlaridan kelib chiqib qayta ko'rib chiqiladi. Bu haqida Sog'liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.