Beparvo ota-onalar kamida 10-yil qamoqda oʻtiradi

    AQSHda sud maktabda otishma sodir etgan oʻsmir Itan Kramblining ota-onasini 10-yildan 15-yilgacha qamoq jazosiga hukm qildi. Ular avvalroq qasddan boʻlmagan qotillikda aybdor deb topilgandi.

    Ularning oʻgʻli Itan 2021-yil dekabr oyida Michigandagi maktabda ommaviy otishma sodir etib, toʻrt nafar sinfdoshini oʻldirgan. Hozir u 17 yoshda va umrbod qamoq jazosini oʻtamoqda.

    Jeyms va Jennifer Krambli AQSHda noadekvat ruhiy holatda boʻlgan oʻgʻlini toʻxtatmagani uchun sud qilingan birinchi ota-ona boʻldi. Ular oʻgʻlining ruhiy salomatligi yomonlashganining aniq belgilariga eʼtibor bermagan va hatto unga maktabdagi otishmada ishlatgan yarim avtomatik toʻpponchani ham sotib olishgan.

    Hatto otishma kuni ham Itanning ota-onasi oʻgʻlining juda xavotirli rasmi tufayli maktabga chaqirilgan. Biroq ular ishga borishlari kerakligini aytib, suhbatni toʻxtatgan va oʻgʻlini sinfga qaytarishgan.

    Bir umrlik qamoq jazosini oʻtayotgan Itan toʻrt nafar sinfdoshini oʻldirib, yana yetti kishini jarohatlaganda 15 yoshda edi.