Berlinda Oʻzbekiston sanʼat asarlari koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda

    Germaniya poytaxti - Berlin shahridagi “Lobe Block” galereyasida “Orzularga yoʻgʻrilgan asarlar” nomli Oʻzbekiston sanʼat asarlari koʻrgazmasi ish boshladi.

    Ushbu tadbir Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida diplomatiya aloqalari oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlash tadbirlari doirasida mamlakatimizning Berlindagi elchixonasi va Germaniya Federal tashqi ishlar vazirligi hamda “Minz Kulturprojekte” tashkiloti bilan oʻzaro hamkorlikda tashkil qilindi.

    4-dekabrga qadar davom etadigan koʻrgazmada hamyurtimiz Saidolim Jabborovning shaxsiy kolleksiyasida saqlanayotgan koʻplab taniqli oʻzbek rassomlari asarlari, shuningdek, qadimiy soʻzanalar namoyish etilmoqda.

    Koʻrgazmaning ochilishida qatnashgan oʻzbek sanʼatining koʻplab ixlosmandlari Oʻzbekistonning boy va betakror madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldilar.

    “Minz Kulturprojekte” tashkiloti menejeri Moris Paxovyak mazkur koʻrgazmani tashkil etishda yaqindan ishtirok etgan loyiha rahbari sifatida “bu yil Oʻzbekiston - Germaniya diplomatiya munosabatlari oʻrnatilganiga 30 yil toʻlgani, holbuki ikki xalq qadim zamonlardan boshlaboq oʻzaro savdo-iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yoʻlga qoʻyganini” qayd etar ekan, ushbu tadbirga tayyorgarlik koʻrish, uning loyihasini ishlab chiqishda qaysi jihatlarga alohida eʼtibor berilganligiga toʻxtaldi.

    - Loyiha doirasida soʻngi 30 yillik tarix bilan cheklanib qolmasdan, Oʻzbekistonning boy madaniyatini zamonaviy asarlar orqali gavdalantirishga harakat qildik, - dedi u. - Biz tanlab olgan qirqdan ziyod asarlarning joylashtirilishdagi ketma-ketlikka ham oʻzgacha yondoshishga harakat qildik. Gʻarbda impressionizm va ekspressionizmni juda sevishadi. Oʻzbekistonlik sanʼat ustalarining ham bunday usullardan foydalanganliklari, taʼkidlash joizki, yuksak did va mahorat bilan milliy urf-odat va anʼanalarini aks ettira olganliklari kishini ajablantirmasdan qoʻymaydi. Bir tomondan bunday usullardan foydalanib yaratilgan asarlar qisman gʻarbona oʻhshashlikni uygʻotsa-da, ularga razm solsangiz anglanadigan chuqur maʼno va oʻzbekona oʻziga xoslik barcha tomoshabinlarni hayratga soladi. Ayniqsa, koʻrgamamizning markaziy qismidan joy olgan betakror soʻzanalar bunda alohida oʻrin egallaydi. Ular oʻzining jilosi va chuqur tarixi, qoʻl mehnati mahsul ekanligi bilan koʻzni quvontiradi. Darhaqiqat, davlatingizning oʻziga xos va sayyohlarni lol qoldiradigan koʻplab tarixiy-madaniy boyliklari va qadimiy urf-odatlari mavjud, biroq bu boyliklar orasida soʻzana tikish sanʼati oʻzgacha oʻrin egallaydi.

    Koʻrgazmaga tashrif buyurgan mehmonlar ham oʻz taasurotlari bilan oʻrtoqlashishdi.

    Xolger Byulov, Berlin opera teatri aktyori:

    – Men hali mamlakatingizda, Markaziy Osiyo mintaqasida boʻlmaganman. Biroq kitoblarda koʻp oʻqiganman, mashhur qadimiy shaharlaringiz haqidagi sayyohlikka oid filmlarni miriqib tomosha qilganman. Bugun ushbu koʻrgazma ochilishida boʻlib turganimdan juda xursandman. Koʻrgazmadan joy olgan rasmlar va soʻzanalar meni lol qoldirdi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Ularning yorqin va rang-barangligi, boy mazmuni aql bovar qilmaydigan darajada hayratlanarli. Bu yerda nafaqat impressionizm uslubidagi rasmlar, balki futuristik janrda chizilgan asarlar ham bor.

    “Kulturxaus Berlin” tashkiloti menejeri Yuliya Vashenko:

    – Doʻstlarimning taklifiga binoan ushbu koʻrgazmaga kelib, bu qadar zavqlanaman deb oʻylamagan edim. Tashqarida havo bir oz sovuq boʻlishiga qaramasdan, ichkariga kirishim bilan oʻzgacha bir iliqlikni his qilgandek boʻldim. Muxtasar qilib aytganda, bu koʻrgazma meni juda hayratlantirdi. XIX va XX asrlarga oid sara asarlar jamlanmasidan iborat ushbu koʻrgazma koʻz oʻngimda oʻtmishni gavdalantirdi. Bu yerda hatto oʻtgan asrning avangard asarlari ham bor. Haqiqiy madaniy rang-baranglik va multikulturalizmga guvoh boʻldim. Turli madaniyatlar chorrahasida joylashgan mamlakatingiz boy oʻtmishga ega ekaniga amin boʻldim. Kelgusi mehnat taʼtilimni mehmondoʻst va bagʻrikeng Oʻzbekistonda oʻtkazishni rejalashtirayapman va buni barcha doʻstlarimga ham tavsiya qilaman.