«Berliner Zeitung» gazetasi o‘z mushtariylarini Toshkentdagi tarixiy Chorsu bozori bilan tanishtirdi

    Germaniyaning «Berliner Zeitung» gazetasida «O‘zbekistonda oziq-ovqat va ichimliklar: Berlin bozorlari Toshkent bozoridan nimani o‘rganishi mumkin?» sarlavhali maqola chop etildi.

    Unda O‘zbekiston poytaxtida 1570 yildan buyon Ipak yo‘lidagi muhim savdo markazi bo‘lib kelgan va hozirgacha sayyohlarni o‘zining shirin mevalari hamda mazali taomlari bilan chorlab kelayotgan yirik bozor joylashgani maʼlum qilingan. «Chorsu Istanbul yoki Tehrondagi tarixiy bozorlardan hech qanday kam emas. Shirin mevalar va ziravorlarning xushbo‘y tarovati sizni bu yerga chorlaydi», deyiladi materialda.

    Maqolada qayd etilganidek, bozorga kelganingizdan so‘ng Markaziy Osiyoning o‘ziga xos rang-barang olamiga sho‘ng‘iysiz. O‘zbekistonda juda mazali qovun, eng shirin xurmo va eng zo‘r zaʼfaron bor.

    «Chorsu bozorida barcha turdagi mahsulotlar sotiladi, - deyiladi maqolada. – Turli xil ziravorlar va minglab tarvuzlar ichidan tanlab olish uchun mehmonlarga ikki-uch soatdan ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi».

    Maqolada Chorsuga tushmoqchi bo‘lgan sayyohlarga tavsiyalar ham berilgan. «Bozorga aniq reja bilan boring. Sizga qanday ziravorlar va mevalar kerak, qancha pishloq va go‘sht olib ketishingiz mumkin? Aks holda, Markaziy Osiyoning ushbu ertaknamo maskanida adashib qolishingiz mumkin», deb yozadi «Berliner Zeitung» gazetasi.