Pilla xazina hisoblanadi bahor faslining aprel oyidan boshlab, pilla qurti kasanachilarga tarqatilib, boqish jarayoni boshlandi. Pilla boqishning ham oʻziga yarasha sir-sinoati bor. Pilla qurti ayniqsa, tozalikni va meʼyordagi ob-havoni yaxshi koʻradi.
Vaqtida berilgan eʼtibor moʻl hosil garovidir. Beruniy tumanida pilla boqish toʻliq kasanachilar qoʻlida boʻlib, tarqatilgan har bir quti pilla uchun pul mablagʻlari berib boriladi. 2023-yilda ipak klaster ishchi xodimlari tomonidan, 2849 quti pilla 2035 nafar kasanachilarga tarqatib berildi.
Pilla mavsumida esa 165 tonna pilla olish rejalashtirilgan. Pillaning barchasi tumanda tashkil etilgan “KKR Ipak klaster” dagi fabrikada Xitoy texnologiyasi asosida qayta ishlanib, Xitoy, Hindiston va Eron davlatlariga eksportga yoʻnaltiriladi. Korxonaning yillik quvvati 200 tonna pillani qayta ishlashga moslashtirilgan, doimiy 80 ta ish oʻrni yaratilgan.
2023-yilda pilla qurtini boqish boʻyicha ozuqa bazasi yaratilgan. “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida tumandagi fermer xoʻjaliklari dala chetlariga tut koʻchatlari ekildi. Bu orqali kasanachilikni rivojlantirish va aholini ish bilan band qilish koʻzda tutilgan. Maxtumquli ovul fuqarolar yigʻinida pilla yetishtirayotgan xonadon egasi Ataxan Yernapesov bilan suhbatimiz davomida, 37 yildan beri pilla qurti boqib yetishtirayotgani, bu esa oilasiga qoʻshimcha daromad boʻlayotganini taʼkidlab oʻtdi.