Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti mashinasozlik fakulteti tashabbusi bilan Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 224-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida yoshlarning boʻsh vaqtini unumli oʻtkazish maqsadida “Besh muhim tashabbus yoshlarga qanot” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Uchrashuvda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini taʼminlash, yuksak maʼnaviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta oʻzlashtirgan, har tomonlama sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish bugungi kunning muhim talabi ekani haqida soʻz yuritildi. Bugungi islohot va oʻzgarishlar natijadorligi maktab taʼlimiga yangi avlod kadrlarini yetishtirish masalasiga borib taqalishi, zamonaviy bilimlarga ega yoshlar “Uchinchi renessans” poydevorini mustahkamlashi taʼkidlandi.

Toshkent davlat texnika universiteti jamoasi, shuningdek, Shayxontohur tumani xalq taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 32 ta va Yunusobod tumani boʻyicha 10 ta, jami 42 ta maktab bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

Jumladan, maktab oʻquvchilari bilimini aniqlashtirish maqsadida aniq va tabiiy fanlar (matematika, fizika, kimyo) boʻyicha oʻquvchilardan test sinovlari olindi va ularning bilimiga qarab, iqtidorli va oddiy guruhlar shakllantirildi. Jami Shayxontohur tumani boʻyicha 1162 nafar, Yunusobod tumani boʻyicha 316 nafar maktab oʻquvchisi kurslarga qamrab olindi.

Toshkent davlat texnika universitetiga Toshkent shahridan jami 10 ta mahalla, Olmazor tumanidan 9 ta va Yashnobod tumanidan 1 ta mahalla biriktirilgan. Biriktirilgan mahallalarda yoshlarni kasbga oʻrgatish, bilim va koʻnikmalari hamda ularning qiziqishlaridan kelib chiqib, dastlabki bosqichda yoshlar chet tillari fani, IT-texnologiyalari, matematika, fizika, sport, badiiy ijodkorlik, yosh oila boʻyicha toʻgaraklarga qamrab olingan.