Besh oy davomida fuqarolarga 666 million soʻmdan ortiq mablagʻ undirib berildi

    Ijtimoiy hayot 22 Iyul 2022 2449

    Gulshanoy Abdutolipova Fargʻona tuman tibbiyot birlashmasining xodimlar boʻlimida inspektor boʻlib ishlaydi. U tuman adliya boʻlimiga tibbiyot birlashmasi xodimlariga oylik toʻlovlardagi ustama va shu kabi imtiyozlarning oʻz vaqtida berilmayotgani sababli murojaat qildi.

    — Yaqinda ish joyimda razryadimni oshirdi, — deydi Gulshanoy Abdutolipova. — Uzoq yillar birga ishlagan tajribali hamkasblarimning aytishicha, bu razryad uchun oshirilgan taʼrifda oylik toʻlanishi kerak. Mana shu voqelikka huquqiy baho olish uchun adliyaga murojaat qildim. Buni qarangki, murojaat qilish davomida Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 232-moddasiga asosan 12 yoshga toʻlmagan ikki yoki undan ortiq farzandi bor xodimlar uchun ham qoʻshimcha haq toʻlanishi kerakligi haqida ham bilib oldik. Shu maʼlumot 3 nafar xodimlarimiz tuman adliya boʻlimiga meni ortimdan murojaat qildi va bizga jami 28 million soʻm toʻlanmagan mablagʻlar ish beruvchi tomonidan qonuniy tartibda toʻlab berildi.

    Fargʻona tumanida joriy yilning oʻtgan davri mobaynida aholidan 465 ta ariza va shikoyatlar kelib tushgan. Shundan 440 tasi ijobiy hal etilib, 399 tasi qanoatlantirilgan. Faoliyat davomida 30 dan ortiq monitoringlar natijasida jami 1 ming 725 ta qonun buzilishi holatlari aniqlangan. Qonunbuzish holatlari koʻproq qaysi tashkilotlar hissasiga toʻgʻri kelyapti?

    — Tuman adliya boʻlimiga kelib tushayotgan murojaatlar tahlil qilinganda eng koʻp ariza va shikoyatlar xodimning ish haqi va unga toʻlab berilmayotgan qoʻshimcha mablagʻlar va imtiyozlar yuzasidan boʻlyapti, — deydi Fargʻona tuman adliya boʻlimi bosh maslahatchisi Akmal Anvarov. — Bunda tibbiyot birlashmasi, xalq taʼlimi boʻlimlari “yetakchilik” qilyapti. Bu arizalar esa biz uchun oyna vazifasini oʻtaydi. Yaʼni qayerdan murojaatlar koʻp yoʻllansa, oʻsha hududlarda huquqiy targʻibot va tushuntirish ishlarini olib boramiz.

    Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, shu davr mobaynida Fargʻona tuman adliya boʻlimi tomonidan taʼsir choralari natijasida fuqarolarga toʻlanmay qolgan 666 million soʻmdan ortiq ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar qonuniy tartibda undirib berilgan.

    Fargʻona viloyatida esa joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 5 mingdan ortiq murojaatlar qabul qilingan va ularning deyarli 80 foizi qonuniy hal etilgan. Adliya organlari tomonidan Fargʻonada tegishli tashkilotlarga 2 mingdan ortiq taqdimnomalar kiritilib, jismoniy va yuridik shaxslarga jami 4 milliard soʻmdan ortiq pul mablagʻlari undirib berilgan.

    Elyorjon Eksanov,

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi

    jamoatchilik bilan ishlash boʻyicha yetakchi maslahatchisi.