“Besh tashabbus harakati” doirasida Toshkent shahri yoshlari bilan ochiq muloqot

    Mamlakatimizda 23 May 2021 1285

    “Besh tashabbus harakati” tadbiri doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Toshkent shahri yoshlari bilan ochiq muloqot tarzida uchrashuv oʻtkazdi.

    Tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, bir qator tijorat banklari rahbariyati hamda Toshkent shahar hokimligining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha masʼul vakillari qatnashdi.

    Uchrashuv davomida yoshlar faoliyati va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari, shuningdek, yoshlar va davlat hokimiyati organlari oʻrtasida bevosita muloqot oʻrnatish mexanizmlari muhokama qilindi.

    Yoshlarni ish bilan taʼminlashda qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishlab chiqilgan mexanizmlar, loyiha va startaplarni amalga oshirish jihatlari hamda yoshlarni ijtimoiy yoʻnaltirilgan tashabbuslarga jalb etish orqali boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Davlat rahbarining qaroriga muvofiq yaqin kelajakda mamlakatimizning hududlarida 936 gektar umumiy maydonda 219 yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etilishi maʼlum qilindi. Ushbu tashabbus hisobiga yoshlar uchun ishlab chiqarish maydonlarini yaratib, yoshlar tomonidan ishlab chiqarish jarayoniga innovatsiya va istiqbolli gʻoyalar joriy etilishi va tijoratlashtirishi uchun sharoit yaratish, shuningdek, ishsiz, jumladan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan. Shuningdek, ushbu maqsadlar uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida yosh tadbirkorlarning biznes gʻoyalari va startaplarini moliyalashtiruvchi Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilgani va faoliyat yuritayotgani maʼlum qilindi.

    Yigʻilish ishtirokchilariga yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hududida yer uchastkalari olish tartibi, loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlari va yoshlar tadbirkorligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishining boshqa amaliy jihatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Ochiq muloqot chogʻida yoshlar vakillari oʻz loyihalarini amalga oshirishda duch kelgan muammolar, jumladan, biznes yuritish tajribasi, kasbiy bilimlarning yetishmasligi, moliyaviy resurslarga, yer uchastkalariga, bino va inshootlarga ehtiyojning mavjudligi, byurokratik toʻsiqlar uchrab turgani va boshqa omillar haqida soʻzlab berish imkoniga ega boʻlishdi.

    Bevosita uchrashuv davomida aniqlangan masalalar tahlil etilgach, vazirlik, idora, tijorat banklari va Toshkent shahar hokimligi rahbarlariga ularni hal etish choralarini koʻrish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi. Shuningdek, yigʻilish ishtirokchilari oʻzlarini qiziqtirgan mavzular yuzasidan savollar berish va atroflicha maʼlumot olish imkoniyatiga ega boʻldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.