Bezgak kasalligi o‘tgan yili 600 mingdan ziyod kishining hayotiga zomin bo‘ldi

    Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, o‘tgan yili dunyo bo‘yicha bezgakka chalinganlar soni qariyb 250 million nafarga yetgan.

    Boshqacha aytganda, har 1000 aholidan 58 nafari ushbu xastalikni yuqtirgan.

    JSST 2025-yilga borib, bu ko‘rsatkichni 26,2 taga tushirishni global maqsad sifatida belgilagandi. Ammo ana shu reja bajarilishi ko‘zda tutilganidan 55 foiz ortda qolmoqda.

    Albatta, bu bir qator tashqi omillar bilan bog‘liq. Masalan, koronavirus pandemiyasi, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ekstremal ob-havo hodisalari, kasallikning dori vositalariga chidamliligi ortishi bezgakka qarshi kurash samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.

    Ekspertlar fikricha, agar hozir zarur choralar ko‘rilmasa, bezgak epidemiyasi insoniyat salomatligi uchun yanada global xatarga aylanib, so‘nggi yigirma yil davomida erishilgan yutuqlar chippakka chiqishi mumkin.

    Chunki 2000-yildan 2019-yilgacha ushbu kasallikdan yillik o‘lim ko‘rsatkichi sezilarli darajada, ya’ni 864 mingdan 576 mingtagacha kamaygandi. Biroq pandemiya davrida o‘sish dinamikasi qayd etilib, o‘tgan yilining o‘zida 608 ming kishi bezgak oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. Eng yomoni, ularning katta qismi bolalardir.

    Eslatib o‘tamiz, yaqinda JSST bir necha bosqichli sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan bezgakka qarshi yangi — R21 vaksinasini tasdiqladi. U ikki yil oldin foydalanishga tavsiya etilgan ilk muqobilidan, eng avvalo, arzonligi bilan farqlanadi.