Suhbatda Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi, Mudofaa vazirligi Sport markazi mutasaddilari ham ishtirok etdi. Dastavval Oybek Kasimov yurtimiz sportida olib borilayotgan islohotlar, kecha futbolchilarimizning gʻalabasi bilan Oʻzbekiston ilk bor jamoaviy sport turlarida yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritganini mamnuniyat bilan maʼlum qildi. Oʻz navbatida, Shahrullo Mahmudov endi qishki Olimpiya oʻyinlarida ham delegatsiyamiz kattaroq tarkib bilan ishtirok etishni rejalashtirayotgani, bunda Belarus kabi sohada istiqbolga erishgan mamlakatlar bilan hamkorlik qilish muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.
Andrian Sibulskiy biatlon sportini rivojlantirish, ommaviy sport orqali iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish, professional sportda ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritish borasida Belarus tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. Soʻz oʻrnida mehmon biatlonning yozgi turi boʻyicha oʻtadigan ochiq turnirlarda ishtirok etish uchun oʻzbekistonlik sportchilarni Belarusga taklif qildi. Shuningdek, tomonlar yosh sportchilar ishtirokida hamkorlikda oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish, oʻzaro tajriba almashish borasida ham fikr almashdi, deb xabar beradi Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun, biatlon boʻyicha Belarus terma jamoasi qishki Olimpiya oʻyinlari tarixida 4 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza, jami 11 ta medal qoʻlga kiritgan.