Boyovutda ham mandarin yetishtirsa boʻlarkan!

    Bilasizmi? 18 Oktabr 2021 2149

    Koʻp bora eshitganmiz, koʻrganmiz. Respublikamizni koʻplab hududlarida, iqlim sharoitidan kelib chiqib limon, apelsin va mandarin yetishtirayotganlarni.

    Lekin boyovutlik Nemat Joʻrayevni tajribasi rosti, meni lol qoldirdi. U 3-Boyovut suv isteʼmolchilar uyushmasi raisi. Omilkor, usta dehqon. Idorasi oldidagi tashlandiq yerga moʻjazgina issiqxona qurib, ikki yil muqaddam vodiydan limon va mandarin koʻchatini olib kelib ekkan edi.

    Oldiniga biroz ikkilangan, limon boʻlishi mumkin, ammo mandarin Boyovutning yerida, iqlim sharoitida boʻlarmikan, deya. Yaxshisi oʻzidan eshitaylik.

    — Koʻpdan maslahat oldim. Ammo, hech kim joʻyali fikr bildirmadi, — deydi Neʼmat Joʻrayev. — Rosa oʻyladim. Limon oʻsgan joyda nega mandarinni parvarishlash mumkin emas? Barchasi sitrus mevalar oilasiga mansub boʻlsa?! Bor eʼtiborimni shunga qaratdim. Limon va mandarinni parvarishlash toʻgʻrisidagi ilmiy maqolalarni oʻqib koʻrdim. Ijtimoiy tarmoqlarga kirib, tajribali dehqonlarni maslahatiga quloq tutdim. Yer shoʻr, uning ustiga suvimiz ham. Parvarishlashda davom etaverdim. Qarang, ikki yildan buyon limonlarim yaxshi hosil beryapti. Oʻtgan yilgiga qaraganda bu yil koʻp. Bir tupida 200-250 tagacha limon bor. Omadni Qarang, mandarin ham bu yil gulga kirib, hosil soldi. Har tupida 20-25 tagacha meva bor. Endi uni pishishini intizorlik bilan kutyapman.

    Bu tomoni yangi yil ham yaqin. Nasib qilsa, Neʼmat Joʻrayev limonlarni bozorga emas, bayram arafasida ishchi-xizmatchilarga tortiq etmoqchi. Undan ham muhimi, mandarinning hosilga kirgani. Kelajakda mandarindan moʻl hosil olish sirini oʻrganib, yaxshi hosil ola boshlagach, bu mahsulotlarini dastlabki qismini eliga ulashib, qolgan qismini bozor rastalariga chiqarmoqchi. Qolaversa, oʻzi rahbarlik qilayotgan uyushma, uyushma tarkibidagi har bir fermer xoʻjaligi dalasida, shu singari issiqxona qurib, limon va mandarinni yetishtirishni yoʻlga qoʻymoqchi. “Bilasizmi, Boyovut hududida limon, mandarin kabi sitrus mevalarni yetishtirib, moʻl hosil olsa boʻlarkan” deydi mamnun qiyofada usta bogʻbon.

    Gʻulom PRIMOV, jurnalist.