Bildirilgan takliflar Prezident bilan bo'ladigan “Ochiq muloqot”ga olib chiqiladi

    Poytaxtimizda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan Turizm va madaniy meros vazirligi, IIVning Xavfsiz turizmni ta'minlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi hamda Davlat soliq qo'mitasi hamkorligida turizm sohasida faoliyat yuritayotgan 100ga yaqin yirik tadbirkorlik sub'ektlari vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.

    Qayd etilganidek, mamlakat iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biri, shubhasiz turizm sohasi hisoblanadi. Oxirgi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan sohani tubdan rivojlantirish, yangi turistik zonalar barpo etish va turizm sanoatida faoliyat olib boradigan tadbirkorlik sub'ektlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash maqsadida o'nlab qaror va farmonlar imzolandi. Buning natijasida mamlakatimizga tashrif buyuradigan sayyohlar soni bir necha baravarga oshib turistik destinatsiya sifatida etakchi pozitsiyalarni egallashga erishdi.

    Shu bilan birga, butun dunyoda kuzatilgan pandemiyadan eng ko'p zarar ko'rgan sohalardan biri ham turizm bo'ldi. Sayyohlar va tadbirkorlarning ishonchini tiklash, talabni rag'batlantirish va turizmni qayta tiklashni tezlashtirish uchun tezkor chora-tadbirlar mexanizmlarini ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish zaruriyati vujudga keldi. Mazkur og'ir vaziyatdan kam zarar ko'rgan holda chiqish maqsadida davlatimiz rahbari va hukumat tomonidan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi va izchillik bilan davom ettirilmoqda.

    Shu maqsadda, ya'ni soha vakillarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularni qiynayotgan muammolarga tizimli echim topish va takliflarini o'rganish maqsadida Savdo-sanoat palatasi huzurida mutlaqo yangi mexanizm asosida faoliyat olib boradigan Turizm masalalari qo'mitasi tashkil etildi. Mazkur qo'mita doimiy ravishda tadbirkorlar bilan hamkorlik qilib sohada mavjud muammolar echimi buyicha hukumatga takliflar tayyorlaydi. Jahon tajribasiga e'tibor beriladigan bo'lsa, mazkur tizim ijobiy natijalari bilan o'zini oqlay olgan.

    Shuningdek, qo'mita qoshida sohada uzoq yillik tajribaga ega ishbilarmonlardan tashkil topgan ekspertlar kengashi ham tuzilgan bo'lib, unga 25 nafar tadbirkor jalb qilindi. Mazkur kengash tadbirkorlarning muammolariga tezkor echim topish maqsadida dastlabki tizimli-tahliliy baholashni amalga oshirib yakuniy takliflarni ishlab chiqishda muhim rol o'ynaydi.

    Uchrashuv yakunida bildirilgan muammo va takliflar joriy yil 22 avgust kuni Prezidentning tadbirkorlar bilan bo'ladigan “Ochiq muloqot”ida olib chiqish maqsadini ham o'zida jamlagan. Shuningdek, muhokama qilingan masalalar va muammolarning echimi buyicha kontseptual ravishda asoslangan takliflar tegishli vazirlik va idoralar hamda hukumatga etkazilib ularning natijasi buyicha tadbirkorlar xabardor etilishi rejalashtirilgan.