Bilim bog'iga bog'bonsiz, muallimlar

    Ustozlar hayotimiz dovonlarida bizga yo'l ko'rsatuvchi, maslahat berguvchi eng ziyrak va fidoyi yo'lchiroqlarimizdir. Ularning jonkuyarligi va mehru muhabbati tufayli biz o'z orzularimiz va maqsadlarimiz sari dadil qadam tashlaymiz. SHu bois umrimizning har bir onida ularni sharaflab har qancha so'z aytsak, shunchalar kam.

    Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “Ustozni e'zozlash azaliy odat” shiori ostida 1 oktyabr O'qituvchi va murabbiylar kuniga bag'ishlangan bayram tadbiri o'tkazildi.
    — Bugun jahonda barcha sohalarda rivojlanish, takomillashish tendentsiyasi juda yuqori sur'atda kechmoqda, — dedi universitet rektori Abdug'ofir Qirg'izboev. — Bu sur'at yurtimiz ta'lim sohasidagi jadal islohotlarda ham o'z ifodasini topayotgani quvonarlidir. Xususan, oliy ta'limni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish maqsadida O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi va boshqa bir qator me'yoriy hujjatlar qabul qilingani e'tiborga molikdir. Shuningdek, o'qituvchi va murabbiylar mehnatini qadrlash borasida ham bizga shijoat va kuch beradigan e'tiroflar bo'layotganini alohida ta'kidlab o'tmoqchiman. O'qituvchi mehnatiga e'tibor bu millat kelajagiga bo'lgan e'tibordir. Kuni kecha O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta'lim-tarbiya tizimida alohida o'rnak ko'rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga ko'ra universitetimizning qozoq tili va adabiyoti kafedrasi mudiri ergash Abduvalitov “Mehnat Shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
    Tadbirda universitet faoliyati haqida hikoya qiluvchi hujjatli fil`m namoyish etildi. Ayni paytda universitetda qariyb 26 ming nafar talaba ta'limning kunduzgi, kechki va sirtqi shakllarida ta'lim olmoqda. Universitet 30 ta bakalavriat ta'lim yo'nalishi va 29 ta magistratura mutaxassisligi bo'yicha kadrlar tayyorlamoqda. Hozirgi kunda 1200 nafar pedagog, jumladan, 55 nafar fan doktori va 400 ga yaqin fan nomzodi talaba-yoshlarga ta'lim va tarbiya berib kelmoqda. Universitetda 13 ta fakultet va 52 kafedra mavjud.
    Universitetning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, talabalarning ta'lim olishi va yashashi uchun munosib sharoitlar yaratish bo'yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oxirgi o'n oy davomida Xorijiy tillar fakulteti talabalari uchun 750 o'rinli va Tabiiy fanlar fakulteti talabalari uchun 750 o'rinli o'quv binolari foydalanishga topshirildi. Harbiy ta'lim fakulteti 1050 o'rinli o'quv binosi va 200 o'rinli Talabalar turar joyi kapital ta'mirdan chiqarib, ishga tushirildi.
    Bayram tadbirida Xalq ta'lim vazirining buyrug'iga asosan 12 nafar professor-o'qituvchilar "Xalq ta'limi fidoiysi" hamda "Xalq ta'limi a'lochisi" ko'krak nishonlari bilan taqdirlanishdi. SHuningdek, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori A.Qirg'izboev O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining 3-darajali "Namunali xizmatlari" uchun ko'krak nishoni sohibi bo'ldi.
    Mehridaryo va jonkuyar ustozlar sharafiga taniqli san'atkorlar tomonidan namoyish etilgan kontsert dasturi tadbir ishtirokchilariga ko'tarinki kayfiyat bag'ishladi.
    Nigora MURATOVA,
    Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti matbuot kotibi