Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Ushbu aksiyaning maqsadi mahkumalarning maʼrifat va huquq boʻyicha adabiyotlardan foydalanishini taʼminlash, shuningdek, ularni saqlash sharoitlarining sanitariya-gigiyena holatini yaxshilashga koʻmaklashishdir.
Marosimda YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, elchi A.Karttunen, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshligʻi oʻrinbosari O.Satimbayev, 21-koloniya boshligʻi G.Karimova, Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz direktorining birinchi oʻrinbosari M.Tillaboyev, Milliy markaz direktori oʻrinbosari D.Muratova hamda Jazoni ijro etish departamentining boshqa rasmiy shaxslari va xodimlari ishtirok etdi.
M.Tillaboyev tadbir doirasida 600 dan ortiq adabiyot, jumladan “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali nashrlari, shuningdek, shaxsiy gigiyena vositalari topshirilganini qayd etdi. Oʻzbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish, xususan, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish hamda qiynoqlarning oldini olish boʻyicha faol choralar koʻrayotgani taʼkidlandi. Ayniqsa, konstitutsiyaviy maqomga ega boʻlgan inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Elchi A.Karttunen ushbu tashabbus “Gender tenglik boʻyicha milliy mexanizmni ilgari surishga koʻmaklashish” loyihasi doirasida amalga oshirilayotganini va joriy yil 31-oktyabrda boʻlib oʻtgan “Jazoni ijro etish muassasalarini boshqarishning genderga sezgir strategiyalari: ilgʻor tajriba va asosiy muammolar” mavzusidagi ekspertlar davra suhbatida boshlangan ishlarning davomi ekanini taʼkidladi.
Uning aytishicha, tadbir Xotin-qizlarni kamsitishlarga barham berish qoʻmitasi (CEDAW) tavsiyalariga mos keladi va ozodlikdan mahrum etish joylarida ayollarni saqlash sharoitlarini yaxshilashga, shu jumladan genderga sezgir yondashuvni taʼminlashga, sanitariya sharoitlarini yaxshilashga va shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanish hamda maʼrifiy va madaniy rivojlanish uchun qulay imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
O.Satimbayev mahkumlarni saqlash sharoitlarini insonparvarlashtirish, jumladan qarindoshlar bilan muloqot qilish, taʼlim olish va tibbiy yordamdan foydalanish huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonunchilikdagi soʻnggi oʻzgarishlar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, Ombudsman, Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz va boshqa vakolatli organlar vakillari uchun jazoni ijro etish muassasalariga kirish imkoniyati taʼminlanganini taʼkidladi.
G.Karimova mahkumlarni axloqan tuzatish jarayonida kitoblarning muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi. Muassasada kutubxona fondlaridan foydalanish uchun barcha sharoitlar yaratilganini maʼlum qildi.
D.Muratova taʼkidlaganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar inson huquq va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, yangi konstitutsiyaviy-huquqiy shartlarga toʻla javob beradi. Koloniyaning kutubxona fondini yangilashdan koʻzlangan maqsad – qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan insonlarga yordam berish, ularni jamiyatga qaytarish va ularga yangi hayot imkoniyatini berishdir.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.