Bugun mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama barkamol, vatanparvar va zamonaviy bilimlar egasi etib tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylangan. O'qitishga zamonaviy o'quv dasturlari joriy etilib, o'qituvchilarning kasbiy salohiyati oshirilayotgani, ilmiy tadqiqot ishlari izchil qo'llab-quvvatlanayotgani hamda xalqaro tajriba asosida pedagogik innovatsiyalar keng joriy etilayotgani bu boradagi ishlar samaradorligini oshirmoqda.
Ushbu jarayonda Urganch davlat pedagogika institutida o'quv, ilmiy, madaniy, sport va xalqaro hamkorlik yo'nalishlarida erishilgan yutuqlarni sohadagi islohotlarning kichik amaliy natijalari deyish mumkin. Ayniqsa, institutda ta'lim sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, talabalarning ijtimoiy faolligini kuchaytirish va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya tizimini shakllantirish bo'yicha qilinayotgan ishlar e'tiborga loyiq.
Prezidentimizning 2022 yil 21 iyundagi “Pedagogik ta'lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta'lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan, Urganch davlat pedagogika institutining kunduzgi ta'lim shaklida tahsil olayotgan 2- va 3-bosqich talabalari uchun haftalik o'quv mashg'ulotlari “4+2” tartibida, ya'ni darslarning 4 kuni institutda, 2 kuni maktabgacha va umumiy o'rta ta'lim muassasalarida amaliyot o'tash tartibida olib borilmoqda.
Institut talabalari viloyatdagi 921 ta amaliyot ob'ektida, xususan, 368 ta davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti, 542 ta umumta'lim va 11 ta ixtisoslashgan maktabda amaliyot o'tash imkoniyatiga ega. OTMdagi 19 ta ta'lim yo'nalishining barchasi umumiy o'rta ta'lim maktablarining o'quv rejasidagi fanlarga mos. Bu yondashuv pedagogik ta'lim sifatini oshirishda muhim qadam bo'lib, bo'lajak o'qituvchilarda kasbiy ko'nikmalarni shakllantirish, dars jarayonini boshqarish, pedagogik vaziyatlarga to'g'ri yondashish kabi muhim jihatlarni egallash imkonini beradi.
eng asosiysi, “4+2” tizimi ta'limda nazariya bilan amaliyot uyg'unligini ta'minlab, talabalarni maktab muhiti bilan yaqindan tanishtiradi, kelgusida malakali, mas'uliyatli va zamonaviy talabga javob beradigan pedagog kadrlar sifatida shakllantirishda muhim o'rin tutadi.
Urganch davlat pedagogika institutida 19 ta bakalavriat ta'lim yo'nalishi va 11 ta magistratura mutaxassisligi bo'yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Professor-o'qituvchilarimiz dunyo OTMlarining etakchi 300 taligiga kiruvchi 10 dan ortiq xorijiy oliy ta'lim muassasasining o'quv reja va dasturlarini tahlil qilib, ularga asosan ta'lim yo'nalishlarining 100 ga yaqin o'quv reja va dasturlarini takomillashtirdi.
Jumladan, Kembrij universiteti (Buyuk Britaniya), Garvard universiteti, Stenford universiteti, Massachusets texnologiya instituti, Texas davlat universiteti (AQSH), edinburg universiteti (SHotlandiya), Moskva davlat universiteti (Rossiya), Portu universiteti (Portugaliya) dasturlari tahlil qilinib, yangi fanlar kiritildi. SHuningdek, o'quv rejalaridagi fan mavzulari mazkur oliy ta'lim muassasalari dasturlari asosida boyitildi.
Institutda ilmiy va innovatsion faoliyatni tizimli yo'lga qo'yishda ilmiy salohiyatni oshirish, tadqiqot natijalarini nashr etish va tijoriylashtirish, oliy ta'limdan keyingi ta'lim samaradorligini oshirish, professor-o'qituvchilarning ilmiy faoliyatini rag'batlantirish, ilmiy loyihalar, xalqaro grant va investitsiya loyihalari hamda ilmiy ishlanmalarning amaliyotga joriy etilishiga alohida e'tibor qaratilmoqda. 2026 yilda ilmiy salohiyatni 40 foizga etkazish ko'zda tutilmoqda. Oliy ta'lim muassasasida 7 ta ixtisoslik bo'yicha 150 ga yaqin tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchi tadqiqot olib bormoqda.
Joriy yil yakuniga qadar Urganch davlat pedagogika institutini 2025 yilda kompleks rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturida bajarilishi kerak bo'lgan maqsadli ko'rsatkichlar borasida tizimli ishlar davom ettirilyapti. Institutda ta'limning ishlab chiqarish va ilm-fan bilan integratsiyasiga ham alohida e'tibor qaratilib, jumladan, Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash markazi, Incubation center, Modern educators kovorking markazlari tashkil etilgan.
Institut xalqaro maydondagi o'rnini tobora mustahkamlamoqda. Jumladan, UI GreenMetric, Times Higher Education reyting tashkilotlari hamda Evroosiyo pedagogika universitetlari assotsiatsiyasi a'zosi. SHuningdek, institut xorijiy davlatlardagi 14 ta oliy ta'lim muassasasi va tashkilot bilan 50 dan ortiq hamkorlik memorandumi imzolagan. Xususan, yaqinda Londonda o'tkazilgan “O'zbekiston — Buyuk Britaniya ta'lim forumi” doirasida Urganch davlat pedagogika instituti va Norvich til o'qitish instituti o'rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Institutda kadrlar salohiyatini oshirish borasida ham tizimli ishlar qilinmoqda. Jumladan, 2023 yilda 10 ga yaqin, 2024 yilda 20 ga yaqin hamda 2025 yilda qariyb 30 professor-o'qituvchi nufuzli hamkor xorijiy universitetlarda malaka oshirdi hamda stajirovka dasturlarida ishtirok etdi. Xorijiy tajribani to'g'ridan to'g'ri o'quv jarayoniga joriy etish maqsadida chet ellik professorlar hamda soha mutaxassislarini jalb qilish tizimli yo'lga qo'yilgan.
2023 yilda Rossiya va Turkiyadan 2, 2024 yilda Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston va Qozog'istondan 9, 2025 yilda 11 professor hamda soha mutaxassisi dars jarayoniga jalb etildi. Institutda yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil qilish uchun 2024/2025 o'quv yilida 700 dan ortiq ma'naviy-ma'rifiy, madaniy tadbirlar, turli sport musobaqalari va intellektual bellashuvlar tashkil qilindi. Mazkur o'quv yilida institut talabalari xalqaro va respublika miqyosidagi qator ko'rik-tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o'rinlarni egallagan.
Jumladan, xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalarida 4 talabamiz g'oliblikni qo'lga kiritdi. YAna ikki nafari Alisher Navoiy nomli, bir nafari Islom Karimov nomli davlat stipendiyasiga sazovor bo'ldi. SHuningdek, 60 ga yaqin iqtidorli talabamiz xalqaro va respublika miqyosidagi anjuman, forum hamda simpoziumlarda faol ishtirok etib, turli sovrin va yutuqlarni qo'lga kiritgan bo'lsa, 82 nafari jahon va respublika chempionatlarida oltin, kumush va bronza medallar sohibi bo'ldi.
Bugungi globallashuv, raqamli transformatsiya va bilimga asoslangan jamiyat sari intilayotgan dunyoda pedagogik ta'limning o'rni va mas'uliyati tobora katta. Bu jarayonda mamlakatimizdagi izchil va tizimli islohotlar pedagogika sohasini tubdan yangilash, zamon talablariga moslashtirishga qaratilgan. Urganch davlat pedagogika instituti ushbu islohotlar jarayonining faol ishtirokchisiga aylanib, ko'plab ijobiy natijalarga erishmoqda. Professor-o'qituvchilarning ilmiy salohiyati, tajriba almashinuvi, xorijiy hamkorlikdagi loyihalar kengaytirilishi, talabalar uchun yaratilayotgan sharoit, ilmiy izlanishlar uchun muhit shakllantirilishi institutning o'z maqsadlariga qat'iy va bosqichma-bosqich erishayotganini ko'rsatadi.
Feruza MADRAHIMOVA,
pedagogika fanlari doktori,
dotsent
Hamkorlik materiali








