Xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini koʻtarish davlatimiz siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan. Shu bois, bu boradagi ishlarning amaliy isboti sifatida soʻnggi yillarda nozik jins vakillarining jamiyat hayotidagi oʻrnini oshirishga qaratilgan qator farmon va qarorlar, jumladan, Xotin-qizlar taʼlimini qoʻllabquvvatlashning 2022-2026-yillarga moʻljallangan dasturi qabul qilindi.

Buyuk maʼrifatparvar Abdulla Avloniy “Qizlar bilim olishga hammadan koʻproq intilishi lozim. Zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, deb bejiz aytmagan. Uchinchi Renessansga erishish yoʻlida xotin-qizlarni yanada bilimli, maʼrifatli qilish eng asosiy vazifalardan biridir.

Maʼrifatli ayol jamiyatning taraqqiyot yoʻlini belgilab beradi. Chunki aynan u bolalarni tarbiyalaydi va ongi, dunyoqarashi, bilim darajasini shakllantiradi. Qiz bola oliy maʼlumotli boʻlsa, yuksak bilim va salohiyat egasiga aylansa, buni kelgusida farzandlariga ham singdiradi. Har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasiga masʼuliyat bilan yondashadi. Chunki ayolga tabiatan avlodlar zanjirini davom ettirish va millatning qadrini koʻtaradigan farzandlarni tarbiyalashdek ulugʻ vazifa yuklangan.

Ayol kishining ilm bilan shugʻullanishi, ziyoli boʻlishi uning oilasi, farzandlari madaniyatli boʻlishiga zamin yaratadi. Shu bois, davlatimiz aynan ayolqizlarning bilimli boʻlishiga katta eʼtibor qaratmoqda. Jumladan, 2021-yilda ehtiyojmand oilalarga mansub 2 mingdan ziyod qiz oliygohlarga davlat granti asosida qabul qilindi, yana shuncha talaba qizlarning kontrakt puli toʻlab berildi.

Ayollar taʼlimiga alohida eʼtibor berilayotgani tufayli oʻtgan yili oliy oʻquv yurtlariga qabul qilingan talabalarning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bundan olti yil avval oliygohlarda 110 ming nafar qiz tahsil olgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 400 ming nafarga yetdi yoki ulushi 2016-yildagi 38 foizdan ayni paytga kelib qariyb 50 foizga yetdi.

Prezidentimizning shu yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida yurtimizda taʼlim tizimini har tomonlama rivojlantirish va unda xotin-qizlarning ishtirokini kengaytirish, soha xodimlarining ijtimoiy himoyasini taʼminlash borasida juda muhim yangi tashabbus va gʻoyalar ilgari surilgan.

Oʻtgan davrlarga nazar tashlar ekanmiz, mamlakatimiz ilm-fani, maʼrifat va maʼnaviyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan olimalarning oʻrni ham beqiyos ekanini taʼkidlash oʻrinlidir. Zotan, jamiyatimizda xotin-qizlarning ilm-fan sirlarini puxta egallashi, oʻz qobiliyati va imkoniyatini jamiyat taraqqiyoti uchun yoʻnaltirishi yangi Oʻzbekiston kelajagi yoʻlida ijtimoiy faollik garovidir.

Mazkur farmonga binoan, davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy taʼlim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 ta maqsadli kvota ajratish topshirigʻi belgilandi. Yangi Oʻzbekistonda ilm-fan bilan shugʻullanayotgan olimalarimiz bunday jamiyatda faol boʻlar ekan, ilm-fan rivojiga hissa qoʻshibgina qolmay, undagi yangiliklar bilan tanishish, oʻzidagi iqtidor va ilmdagi yutuqlarini mamlakatimiz hamda xorijda namoyon etish imkoniga ega boʻladi.

Zahmatkash olimalarning mashaqqatli va sharafli mehnatini munosib ragʻbatlantirish, ular uchun har jihatdan qulay sharoit yaratish maqsadida Olima ayollar jamiyatiga har yili 50 milliard soʻm ajratiladi. Zamonaviy kasb-hunarlarni egallash, oʻqimishli, jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlish shu tariqa umummilliy harakat darajasiga koʻtarilayotgani ayollarning baxtidir.

Chunki hamma mamlakatda ham bunday maxsus imkoniyatlar yaratilmayotganini koʻrib, bilib turibmiz. Shunday ekan, shukrona tuygʻusi bilan yashash va qizlarimizni oʻqitishni kun tartibidagi birinchi masala sifatida belgilasak, yurtimiz rivojiga hissa qoʻshgan boʻlamiz.