Farmonga koʻra, quyidagilar bino va inshootlarning zilzilabardoshligi va seysmik xavfsizligini taʼminlashda davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirishning asosiy vazifalari etib belgilandi, jumladan:
- noqonuniy qurilishlarning oldini olish, ularni erta aniqlash va bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish;
- qurilish-pudrat tashkilotlarining obyektlar qurilishida zilzilabardoshlikni taʼminlash boʻyicha javobgarligini kuchaytirish.
2026-yil 1-yanvardan quyidagi tartiblar joriy etiladi:
- 2 va undan yuqori qavatli barcha koʻp kvartirali uy-joylarni instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazishga ixtisoslashgan loyiha tashkilotlarining roʻyxatini shakllantirish va “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida ularning reytingini yuritish;
- “Shaffof qurilish” MATda instrumental-texnik tekshiruv xulosalari asosida bino va inshootlarning texnik holati monitoringini yuritish;
- instrumental-texnik tekshiruv xulosalarini tavsiyaviy mazmunda berish amaliyotini tugatish hamda ushbu xulosalar faqat ijobiy boʻlgan taqdirda, koʻp kvartirali uy-joylardan kelgusida foydalanishga ruxsat berish.
2026-yil 1-yanvardan:
- milliy normativ hujjatlarga nomutanosib boʻlgan qismlar uchun kompensatsiyalovchi choralarni taʼminlash boʻyicha maxsus texnik shartlar asosida ishlab chiqilgan loyiha hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish faqatgina “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi;
- obyektlarning zilzilabardoshligi boʻyicha ilmiy hamda loyiha hujjatlarining smeta qismidan tashqari shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi xulosalarini tavsiyaviy mazmunda berish amaliyoti tugatiladi;
- obyektlarning zilzilabardoshligi boʻyicha berilgan salbiy xulosalar loyiha tashkilotining “Shaffof qurilish” MATdagi reyting ballarini kamaytirishga asos hisoblanadi.
- qurilishi boshlangan koʻp kvartirali uy-joylarga qoʻshimcha qavat qoʻshish, balandligini oshirish uchun shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, tegishli arxitektura-shaharsozlik kengashlari tomonidan koʻrib chiqish, ekspertizadan va qayta roʻyxatdan oʻtkazish taqiqlanadi;
- Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan noqonuniy qurilmalarni buzdirish ishlari narxlari har yil uchun alohida belgilab boriladi.








