Biologik faol qoʻshimchalar davolovchi xususiyatga ega emas! — SSV

    Soʻnggi paytlarda esa internet tarmogʻida qandli diabet va uning asoratlaridan xalos etishi vaʼda qilinayotgan biologik faol qoʻshimchalarning reklamasi avj olyapti.

    Bugun ijtimoiy tarmoqlarda turli kasalliklarni davolashi aytilayotgan biologik faol qoʻshimchalar va tabiiy giyohlarning reklamasi keng tarqalmoqda.

    Xususan, yaqinda ozish uchun moʻljallangan, realizatsiya qilish va saqlash taqiqlangan mahsulotlarning roʻyxati eʼlon qilingan edi.

    Soʻnggi paytlarda esa internet tarmogʻida qandli diabet va uning asoratlaridan xalos etishi vaʼda qilinayotgan biologik faol qoʻshimchalarning reklamasi avj olyapti.

    — Diabetning ikki turi mavjud boʻlib, birinchisi, organizmda insulin yetarli darajada ishlab chiqarilmasligi, ikkinchisi esa hujayralarning insulinga sezuvchanligi pasayishi natijasida paydo boʻladi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori oʻrinbosari Sevara Faxrutdinova. — Qandli diabetga chalingan insonlarga asosan insulinoterapiya, ayrim hollarda vitaminoterapiya tayinlanishi mumkin.

    Qolaversa, bunday bemorlar sogʻlom turmush tarziga rioya qilishi, jismonan faol boʻlishi va qonda qand miqdorini kamaytiruvchi dorilarni muntazam qabul qilishi lozim.

    Diabetning ikki turini ham davolash jarayoni kompleks yondashuvni talab etib, u biologik faol qoʻshimchalar yordamida olib borilmaydi.

    Umuman olganda, biologik faol qoʻshimchalar inson organizmining fiziologik holati barqaror boʻlmagan hollarda uning funksional faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun moʻljallangan boʻlib, ular hech qanday davolovchi xususiyatga ega emas.

    Shifokorlik amaliyotida biologik faol qoʻshimchalarning “moʻjizaviy” taʼsiriga ishonib, anʼanaviy davolash usullaridan voz kechgan, yaʼni insulin qabul qilishni toʻxtatgan ayrim bemorlarda bir necha kun ichida keton tanachalari paydo boʻlishi va qand miqdori oʻta yuqorilab ketishi holatlari kuzatilgan. Oqibatda bemor giperglekemik koma holatiga tushib qolishi mumkin.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotgan biologik faol qoʻshimchalar qandli diabetga chalingan bemorlarni davolashda samara bermasligi bilan bir qatorda, salomatlikka jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin.

    Qolaversa, bunday mahsulotlar reklamasida Oʻzbekiston Respublikasining «Reklama toʻgʻrisida«gi Qonunining ayrim bandlari talablari buzilishi holatlari kuzatilmoqda.

    Xususan, mazkur qonunning 35-moddasiga muvofiq ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarning va oziq-ovqat qoʻshimchalarining reklamasi:

    • ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uygʻotmasligi;
    • ularni qoʻllash natijasida odamlar davolanganligiga, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni oʻz ichiga olmasligi;
    • ularning qoʻllanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini oʻz ichiga olmasligi;
    • sogʻlom ovqatlanishni rad etishga undamasligi kerak.

    Shunday ekan, turli biologik faol qoʻshimchalarni qabul qilishdan avval, albatta, shifokor bilan maslahatlashing.