Dunyoda tili, urf-odatlari, madaniyati, hatto tashqi ko'rinishidan bir-biriga o'xshab ketadigan millat va elatlar ko'p. O'zbek va ozarbayjonlar ana shunday xalqlar qatoriga kiradi. Har ikki millat vakillari bir-birini tarjimasiz tushuna oladi. Turmush tarzimiz, an'ana va urf-odatlarimiz, xalq og'zaki ijodi va yozma adabiyotda mushtarak jihatlarni ko'plab uchratish mumkin.
Bu ikki buyuk xalqni asrlar, ming yillar mobaynida bir-biriga bog'lab kelgan o'xshash jihatlar ham bor. Xalqlarimizning mushtarak yodgorligi hisoblanmish, “Avesto” kitobi, shuningdek, xalq og'zaki ijodining o'lmas durdonalari sanalgan “Go'ro'g'li”, “Oshiq G'arib”, “Dada Qo'rqut” dostonlari ana shu azaliy qardoshlik, do'stlik va birodarlikning yorqin isbotidir. O'zbek musiqasining gultoji sanalgan nodir maqomlarimiz va betakror Ozarbayjon mug'omlari orasidagi hamohanglik har ikki xalq o'rtasidagi yaqinlikni o'zida ifodalaydi. “Temuriylar Renessansi” ning asoschisi Buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur davrida Ozarbayjon davlati bilan bog'langan rishtalar bugungi kunda ham davom etib kelmoqda. Biz bu uzviylikni xalqaro ilmiy-madaniy tomonlama ko'plab ko'rishimiz mumkin.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida ilmiy-amaliy sohada keyingi 3 yildagi hamkorlikni alohida ta'kidlab o'tmoq joiz. 2020-2023-yillarda Ozarbayjon davlat san'at va madaniyat universiteti bilan imzolangan shartnoma asosida institut professor-o'qituvchilari, tayanch doktorantlari mazkur oliygohda ilmiy stajirovka o'tab qaytdilar. Aynan institut talabalari uchun muzeyshunoslik, san'atshunoslik yo'nalishida onlayn vebinarlar, seminarlar tashkil etilmoqda. Xususan 2021-yilda Ozarbayjon davlat san'at va madaniyat universiteti professori el`fira Melikova-Kurbanova horijiy professor sifatida talabalarimizga muzeyshunoslik fanidan onlayn dars o'tib berdi. Bilamizki, Ozarbayjon muzeylari, zamonaviy shahar me'morchiligi o'ziga xos innovatsion ko'rinishga ega. “Zamonaviy muzeyshunoslikning innovatsion rivojlanish istiqbollari” mavzusida tashkil etilgan ilmiy seminarda dunyoning bir qator muzeylari rahbarlari onlayn ishtirok etib, talabalarimizga, professor-o'qituvchilarga zamonaviy muzeyshunoslik, muzey turizmi, dizayni, ekspozitsiyasi to'g'risida o'zlarining qimmatli ma'lumotlarini taqdim etdilar. Ushbu onlayn tashkil etilgan ilmiy seminarda Ozarbayjon muzeylari rahbarlari, ilmiy xodimlari o'z ma'ruzalari, fikrlari bilan ishtirok etdilar. Ayniqsa, muzeyshunoslik, restavratsiya bo'yicha tadqiqotlar olib borayotgan Ozarbayjonlik doktorantlarning chiqishlari, institut ilmiy tadqiqotchilari uchun o'zaro fikr almashishga turtki bo'ldi. Bundan tashqari, “Kamoliddin Behzod ijodi-jahon olimlari nigohida” deb nomlangan xalqaro konferentsiyada Ozarbayjon davlat san'at va madaniyat universiteti rektori Jeyran Mahmudova boshchiligidagi 5 nafar olimdan iborat tashrif buyurgan delegatsiya a'zolari institutimizning ilmiy – ijodiy yo'nalishi bilan tanishib, talabalarimizning ijodiy ishlarini ko'zdan kechirdilar.
Bundan tashqari joriy yilning mart oyida institutimizning 3 nafar tayanch doktoranti Ozarbayjon san'at va madaniyat universitetida o'zlarining olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari yuzasidan ikki haftalik stajirovka o'tab keldilar.
Shuningdek, shu yilning aprel` oyida Ozarbayjonning Boku shahrida Xaydar Aliev tavalludining 100 yilligi munosabati bilan o'tkazilgan xalqaro anjumanda institutimiz tayanch doktorantlari, professor-o'qituvchilari o'zlarining ilmiy maqolalari bilan ishtirok etdilar.
Bir so'z bilan aytganda, kelgusida institut ilmiy-ijodiy yo'nalishda Ozarbayjon davlati bilan ko'plab ilmiy-amaliy loyihalarni rejalashtirganmiz. Bular, Ozarbayjon muzeylarida saqlanayotgan madaniy yodgorliklarimizni o'rganish, ularning elektron katalogini tuzish, ochiq darslar, stajirovkalar, konferentsiya va seminarlar, mahorat darslari, rassomlarimizning ko'rgazmalari, dizayn yo'nalishidagi hamkorlik aloqalari misolida ko'rishimiz mumkin.
San'at, madaniyat hech qachon til, makon tanlamaydi. San'atni o'rganish, targ'ib etish abadiy davom etadi. Yuqorida ta'kidlab o'tilganidek, Ozarbayjon muzeylaridagi O'zbekistonga oid merosni o'rganish orqali ikki davlatning tarixi, madaniyati, urf-odatlari bir-biri bilan yaqin bo'lganligini his etish mumkin. Albatta, ushbu hamkorlik aloqalari kelgusida ilmiy-ijodiy yo'nalishda yangi qirralar, yutuqlar, imkoniyatlar ochishida imkon yaratadi, deya ishonch bildiramiz.
Dilafro'z QURBONOVA,
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti prorektori, tarix fanlari doktori