Bir bora keling....

    Bo'sh vaqtda 12 Mart 2021 1715

    Yuragim gupillab urib ketyapti, onajon boshimni silang shu kecha. Bardoshim chokidan soʻkilyapti, onajon yonimga keling shu kecha, Koʻnglim koʻzgulari tirnalib ketdi. Soʻzlar qovushmadi toʻkilyapti...

    Onajon, oʻzimni qanday ovutay, sogʻinchning tobiga qanday beray dosh. Bir oʻzim yelkamda shuncha dard bilan, toʻkilib boryapman, yetmaydi bardosh. Ayting, men endi nimani kutay, oʻzimni qandayin ovutay ona, bir oʻzim diydirab, bir oʻzim qaqshab, qay yupanch izidan yuguray yana?

    Onajon, oʻzimni aldab yashadim, armonlar, azoblar yigʻlab qolsin deb. Onajon, oʻzimni sizlab yashadim, oʻzimdan boshqani panoh bilmay deb. Labimda tabassum, yuzimda kulgu, onajon, oʻzimn ayab yashayman, eng toʻkis baxtga ega boʻldim deb, keragida oʻzimni avrab yashayman.

    Koʻrkam shaharda koʻkrak kerolmay, onajon mungʻayib oʻtib ketyapman, barcha sitamlarni ichimga yutib, sogʻinch degan yukni ortib boryapman. Toshkentning yoʻliga koʻzini tikib, yolgʻizgina opam tushlar koʻradi, yuragin changallab, bizlarni oʻylab, toʻngʻich akam, uxlamay tong ottiradi.

    Menchi-men, bir yilda baʼzan borolmay roʻzgʻorim gʻorini oʻylab yuraman. Doʻstim kim, dushman kim, farqiga bormay, hammaga bosh egib salom beraman. Oʻzimcha mehribon, oʻzimcha gʻamxoʻr bir ona menig-cha boʻlar-da deyman, qizlarim koʻziga muloyim boqib, boriga shukrlar etay-da deyman.

    Aslida oqibat yiroqlab ketdi. Sogʻinchning boʻylari osmonga yetdi. Yoʻllarga intizor termulib turgan dadamning ruhlari uzoqqa ketdi. Bagʻrim tosh, koʻzim yosh, oʻzimchi bebosh, yolgʻondan qadrimga yigʻlayman ona, shunchalar olismi Buxoro deya, oʻzimdan oʻpkalab yashayman yana.

    Koʻzlarimdan oʻtdi siymolaringiz, boshimni bir silab, qoʻying onajon. Tushimda boʻlsa ham jilmayib mayin, menga yoʻl koʻrsatib turing onajon. Oʻzimcha magʻrurman, oʻzimcha dono, baʼzan havolanib ketaman ona, yolgʻonlar oralagan umrim yoʻliga soxta naqshlarni solyapman mana.

    Oʻzingiz parvona, ruhingiz panoh, men sizga bir muddat dardimni aytay, onajon, bir zumga yonimga keling, hidlaringizga bir marta toʻyay.

    Bugun men yigʻladim sogʻinch qiynadi, ojiz qoldim uning qoshida ona. Qoʻllarimdan tortib, xayollar aro sizga olib bordi, dildagi maʼvo. Agar eshitsangiz tuygʻularimni, shu kecha yonimga keling onajon, bir zumga, bir nafas, bir soniyaga, mening dardlarimni oling onajon!!!

    Gulichehra DURDIYEVA