Bitta kitob oʻqigan mahbusning jazo muddati 3 kunga qisqartirilishi mumkin

    Mamlakatimizda 13 Fevral 2025 685

    Qonun loyiha bilan Jinoyat kodeksiga kitob oʻqishga jalb qilish orqali mahkumlarni axloqan tuzatish boʻyicha yangi 74-1-modda kiritilmoqda.

    Unga koʻra, faqat jazo muddatini toʻliq oʻtashi lozim boʻlgan mahkumlarga nisbatan tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha 1 ta kitob oʻqigan va belgilangan tartibda imtihon topshirgan taqdirda jazosini 3 kunga qisqartirish nazarda tutilmoqda.

    Shuningdek, ushbu kodeksning 73, 74-moddalari asosida esa jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki yengilrogʻi bilan almashtirish masalasini hal etish vaqtida inobatga olinishi belgilanyapti.

    Bundan tashqari, oʻzini oʻzi tarbiyalash yoʻli bilan tuzalish yoʻliga oʻtganligini tasdiqlovchi harakatlarni bajarishi munosabati bilan jazo muddatini qisqartirishni protsessual tartiblari hamda zarur boʻlgan adabiyotlar bilan taʼminlashni belgilash boʻyicha Jinoyat-protsessual kodeksi 536-1-moddasi, Jinoyat-ijroiya kodeksi 80-1-moddasi bilan toʻldirish nazarda tutilmoqda.

    Qonun loyihasining qabul qilinishi mahkumlarni ijtimoiy foydali mashgʻulotlar bilan shugʻullanishga jalb qilish orqali axloqan tuzatish ishlari samaradorligini oshirishga hamda qonunning tarbiyaviy taʼsirni kuchaytirishga xizmat qiladi.

    Qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilindi.