Bir guruh shaxslarga jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi berilishi mumkin

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqdi.

    Mazkur qonun loyihasi bilan bir qator qonunlarga oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi, yolgʻiz keksa hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, xotin-qizlar va bolalarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

    Xususan, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning tegishli moddalari qoʻshimcha normalar bilan toʻldirilmoqda. Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasida vakolatli organ etib belgilab qoʻyilmoqda.

    Oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga shahar yoʻlovchilar transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqi berilmoqda.

    Shuningdek, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga qilingan homiylik mablagʻlarini soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanmaydigan xarajatlar jumlasiga qoʻshish nazarda tutilmoqda.

    Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning hududiy boʻlinmalari tomonidan xotin-qizlar va bolalarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ogʻir ahvolga tushib qolgan va ogʻir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori boʻlgan shaxslar, shuningdek, oilalar manfaatlarini koʻzlab fuqarolik va maʼmuriy sudlarga arizalar, shikoyatlar, daʼvolar kiritilganda davlat bojini toʻlashdan ozod qilish belgilanmoqda.

    Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.