Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Qayd etilishicha, bosh prokuror oʻrinbosari Sh.Aminov rahbarligidagi ishchi guruhlar tomonidan hududlarda tabiiy gaz va elektr energiyasini uzatishdagi yoʻqotishlarni qisqartirish, energiya resurslarini iqtisod qilish, ularni talon-toroj qilish holatlarining oldini olish borasida ishlar davom ettirilmoqda.
Xususan, joriy yilning 13-may kuni 301 ta energoresurslarni yoʻqotish holatlari hamda 481 ta holatda 3 mlrd soʻmlik talon-toroj qilish holatlari aniqlandi.
Shu bilan birga, gaz taqsimlash punktlarining 5 tasi almashtirildi va 360 tasi taʼmirlandi, 1 841 ta xonadon ikki bosqichli tizimga oʻtkazildi, 4 982 ta gaz hisoblagich batareyasi almashtirildi, 2 900 ta gaz hisoblagichining aloqasi tiklandi, 12 ta yangi transformator oʻrnatildi, 238 km. tarmoq, 169 ta transformator punktlari taʼmirlandi, 20 km. yuqori yuklamali tarmoqlarda simlar almashtirildi.
Shuningdek, qonunbuzilishga yoʻl qoʻygan 11 nafar shaxslar maʼmuriy va intizomiy javobgarlikka tortildi, 6 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi.









