Bir kunda 32 ta mehmon uyi ish boshladi

    Ohangaron tumanidagi Ertoshsoy qishlog'ida 32 ta oilaviy mehmon uyini tashkil etgan tadbirkorlarga sertifikatlar topshirildi, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati.

    Viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan targ'ibot va tushuntirish ishlari bugun mana shunday natijalarga erishishga zamin yaratyapti.

    — Oilaviy mehmon uylarini tashkil etish orqali turistlarga doimiy xizmat ko'rsatish qamrovi oshyapti. Ushbu hududda tadbirkorlik qilish uchun barcha imkoniyatlar mavjud, go'shaning so'lim tabiati, kishiga yoquvchi havosi odamlarni yil bo'yi o'ziga chorlaydi. Eng muhimi mazkur ishlar orqali aholi bandligi ta'minlanmoqda, — deydi Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi bo'lim boshlig'i Sherzod Qobulov.

    Shu kunlarda Ohangaronga yo'li tushgan yo'lovchi tabiat bag'ridagi dam olish maskanlarida, nafaqat viloyat, balki yurtimizning boshqa hududlaridan va hatto qo'shni mamlakatlardan kelgan sayyohlarning dam olayotganiga guvoh bo'ladi.