Bir kunda ikki xorij korxonasi davlat roʻyxatidan oʻtkazildi

    Biznes 28 Dekabr 2021 1100

    Kuni kecha Fargʻona viloyati Oltiariq tuman Davlat xizmatlari markazida xorij sarmoyadorlari ishtirokida ikki korxona davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

    Aslida Oltiariq tumani mirishkorlari astoydil boʻlishsa ketmonni ham koʻkartirib yuboradiganlardan.

    Shuning uchun ham tumanda yetishtirilgan meva-sabzavotlarni eksport qilishga, qayta ishlashga ishtiyoqmand biznes vakillari talaygina.

    Rasman roʻyxatga olingan Iroq davlati sarmoyadorlari ishtirokidagi “Saro Rashed Group” masʼuliyati cheklangan jamiyati yaqin kunlarda meva va sabzavotlarni qayta ishlashni boshlaydi. Korxonada 50 nafardan ortiq mahalliy yoshlar ish bilan taʼminlanadi.

    Buni qarangki, shu kunning oʻzida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi qirgʻizistonlik tadbirkorlar ishtirokidagi “Oltiariq Food City” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga ham rasman tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishlari uchun ruxsat berildi. Xorij sarmoyasi asosida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan bu jamiyatda tez kunlarda 100 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, ayni kunlarda Fargʻona viloyatida jami 81 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatyapti. Ularning 26 minga yaqini yakka tartibdagi tadbirkorlar, 57 tasi yuridik koʻrinishga ega tadbirkorlar hamda 294 tasi xorijiy korxonalar hissasiga toʻgʻri keladi.

    DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.