Bir mahallada 100 ga yaqin issiqxona

    Qobila opaning oilasida boshlangan tashabbusning mahalladagi izdoshlari ko'payib bormoqda.

    Azaldan dehqonchilik, bog'dorchilik, chorvachilik bilan shug'ullanib kelgan Farg'ona tumanidagi Novkent mahallasi axli har qarich yerdan samarali foydalanishga harakat qiladi. Isitish tizimi, elektr energiya talab qilmaydigan issiqxonada qo'ziqorin, tsitrus meva, sabzavotlar yetishtirilmoqda.

    Qobilaxon Madiyorova bu sohada yaxshi tajriba to'pladi. Kam xarajat, ortiqcha mehnat talab qilmaydigan qo'ziqorin yil davomida hosil beradi. Xonadondagi mo''jaz issiqxonada baravj rivojlanayotgan ekinlar hosil cho'g'idan darak berib turibdi. Narxi ham chakki emas. Ayni kunda bir kilogramm mahsulotning ulgurji narxi 15 ming so'm.

    — Toshkentdan urug' olib kelib samarasini sinab ko'rdik. Natija chakki bo'lmadi, — deydi Qobila opa. — Hozir ikki sotix joyda qo'ziqorin etishtiryapmiz. Uni parvarishlash juda oddiy. Ikkilamchi xom ashyo — sheluxa maxsus qoplarga joylanib, urug' qadaladi, qishda issiq joyda, yozda salqinda parvarishga qo'yiladi. Urug'lar o'n-o'n besh kunda hosil bera boshlaydi. Bitta ikki kilogramm sheluxa solingan qopga joylangan urug'lar 10-12 kilogrammgacha hosil beradi. Bu ishlarga qo'l urib kam bo'lganimiz yo'q. Uy -joy, oilamizdagi farovonlik hamjihatlikda qilingan mehnatimiz mahsuli.

    Ma'lumot o'rnida aytish joiz qo'ziqorin tarkibi kaltsiy, fosfor, oltingurgut, yod kabi mikroelementlarga boy. Immunitetni mustahkamlashga yordam beradi, qon tomirlarni tozalab, xolesterinni kamaytiradi. Asab tizimi uchun foydali. Mutaxassislar qo'ziqorinlarni ortiqcha tana vazniga ega bo'lgan odamlarning ratsioniga kiritishni tavsiya qiladi. Chunki u juda to'yimli.

    Qobila opaning oilasida boshlangan tashabbusning mahalladagi izjdoshlari ko'payib bormoqda. Xonadon egalari tomorqachilarga qo'ziqorin ekish, urug' etkazib berish ishlarida yordam bermoqda, yo'l-yo'riq ko'rsatib daromad topmoqda.

    Nodirjon Ismoilov oilasi “Temir dafar”ga kiritilgan. Kasb-hunari bo'lmagan oila yollanma ish bilan shug'ullanadi, topgani ro'zg'ordan ortmaydi. Xo'jaligida tomorqa ekin maydoni bor, lekin undan unumli foydalanmagan. Mahalla mutasaddilari bu oilaga subsidiya asosida issiqxona qurishga yordam berdi. Unga limon ko'chatlari o'tqazildi, ekinlar oralig'ida sabzavot ekinlari, qo'ziqorin parvarishlashga ko'maklashildi. Qo'ziqorin va sabzavotlar tez kunlarda bozorga chiqadi.

    — Hududimizda ishlab chiqarish korxonalari yo'q. Lekin tomorqachilik rivojlanyapti, yangi loyiha va tashabbuslar qo'llab-quvvatlanmoqda, — deydi mahalla fuqarolar yig'ini raisi Mamaro'zi Madmarov. — O'tgan yil bank tomonidan ajratilgan imtiyozli sarmoyalar tufayli 56 ta xonadonda issiqxona qurildi. Ayni kunda yana 30 ta ana shunday loyiha amalga oshiriladi. Shu kunga qadar 9 nafar kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar muqim daromad manbaiga ega bo'lgani uchun “Temir daftar”dan chiqarildi. Mahallamizda bekor yurgan odam, bo'sh qolgan tomorqa yo'q. Yilning to'rt faslida kaftdek erdan unumli foydalanayotgan tomorqachilar safi kundan kunga ortib bormoqda. Ayni kunda 32 nafar ishsiz xotin–qizlarning 22 nafari “Odis-Afro'z” va “Vodiy Shoes” ishlab chiqarish korxonalariga ishga joylashdi, 5 nafari qayta kasbga o'qitish uchun yo'naltirildi, 5 nafariga huquqiy, psixologik maslahatlar berildi. Natijada kambag'al, ijtimoiy himoyaga muhtojlar kundan kunga kamayib bormoqda.

    Ravon ko'chalar, tabiiy gaz, elektr, toza ichimlik suvi ta'minotida tashabbuskor, saxovatpesha tomorqachilarning hissasi katta. Xalq xashari asosida 1600 metr masofaga toza ichimlik suvi tortildi. Saodat, Ibrat, Navqiron ko'chalari shag'allashtirildi. Farobiy va Saodat ko'chalari kesishmasida sevetafor o'rnatildi. Ayni kunda yangi suv qudug'i qazish ishlari olib borilmoqda. Bu uch ming nafardan ortiq aholining toza ichimlik suviga bo'lgan talabini qondiradi.

    Rasuljon KAMOLOV,

    jurnalist