Yaxshi niyatidan yayragan millat,
Muazzam turkiymiz, munavvar Sharqmiz,
Bizga ajdodlarning izlari ibrat,
Bir maqsad yo‘lida birlashgan xalqmiz.
Yakdil xalqqa aslo tegib bo‘lmaydi,
Tug‘i boshdan tushmas, egib bo‘lmaydi,
Birlashganni sira yengib bo‘lmaydi,
Bir maqsad yo‘lida birlashgan xalqmiz.
Mehr daryosiga mirob o‘zimiz,
Dinu diyonatga chiroq ko‘zimiz,
Tinchlik, faqat tinchlik, bizning so‘zimiz,
Bir maqsad yo‘lida birlashgan xalqmiz.
Odillik, oqillik qonimizdadir,
Nomus ham orimiz jonimizdadir,
Adolat qilichi yonimizdadir,
Bir maqsad yo‘lida birlashgan xalqmiz.
Sovuqdan asragan oilani tancha,
Bizni birlashmasin deganlar qancha,
Yashaydi xayolda tig‘larin sancha,
Bir maqsad yo‘lida birlashgan xalqmiz.
Sotmay ham sotilmay tikka qarashgan,
Qornimas, qadriga har on talashgan,
O‘zbekka – o‘ziga beklik yarashgan,
Bir maqsad yo‘lida birlashgan xalqmiz.
Vafodor do‘stlarni kaftida tutgan,
Kin, g‘araz, xasadni butkul unutgan,
Hamisha xush mezbon, xush mehmon kutgan,
Bir maqsad yo‘lida birlashgan xalqmiz.
Jahon ahlin qalbin zaftiga qodir,
Muhabbatning so‘nmas taftiga qodir,
O‘zbek shunday xalqdir, yuragi nodir,
Bir maqsad yo‘lida birlashgan xalqmiz.
Yangi O‘zbekiston – qutlug‘ maqomda,
Mayli irqi, dini, turli kalomda,
Vatandosh atalar hamma bir nomda,
Bir maqsad yo‘lida birlashgan xalqmiz.
Shonli davlat qurgan bobolar bizda,
Dunyo qo‘lin ochgan duolar bizda,
Ilmi ummon bo‘lgan donolar bizda,
Bir maqsad yo‘lida birlashgan xalqmiz.
Katta yo‘lga chiqqan karvonga balli,
Tangri ato etgan imkonga balli,
Elni aziz tutgan insonga balli,
Bir maqsad yo‘lida birlashgan xalqmiz.
G‘oya bir, maqsad bir, xalq baxti uchun,
Uyg‘onmoq kerakdir, dil ahdi uchun,
Fozillar ko‘tarar millatning yukin,
Bir maqsad yo‘lida birlashgan xalqmiz.
Yangi O‘zbekiston – buyuk maqsaddir,
Mehrdan yaralgan metin sarhaddir,
Mard sarbon tiklagan egilmas qaddir,
Bir maqsad yo‘lida birlashgan xalqmiz.
Mahmud TOIR,
O‘zbekiston xalq shoiri