“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 40 mingga yaqin qoraqalpogʻistonlik yoshlar oʻqitilgan

    Davlat dasturlari doirasida yoʻl, suv, ijtimoiy obyektlar qurilishi va mahalla infratuzilmasiga 11 trillion soʻm ajratildi. Xususan, bogʻcha qamrovi 28 foizdan 84 foizga oshdi. Yangi 21 ta maktab qurildi, yana 243 tasi toʻliq taʼmirlandi.

    Ilk marta 700 oʻringa moʻljallangan 17 qavatli IT-park qurildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ikki yil ichida 40 mingga yaqin qoraqalpogʻistonlik yoshlar oʻqitildi.

    Tuman va shaharlarda 74 ta oilaviy shifokorlik punkti, 81 ta poliklinika, 92 ta mahalla tibbiyot punktlari ishga tushdi. Toʻrtkoʻl, Qoʻngʻirot va Chimboy tumanlarida qoʻshma shikastlanish va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etildi. Oʻtgan davrda tibbiyot muassasalariga 300 milliard soʻmlik 1,5 mingdan ziyod asbob-uskunalar yetkazildi, yil yakunigacha yana 141 milliard soʻmlik tibbiy anjomlar beriladi.

    Yaqin-yaqingacha oʻz uyiga mulk huquqi boʻlmagani uchun 100 mingdan ortiq aholi qiynalib kelayotgan edi. Bu muammo hal boʻlib, 27 mingta xonadonda yashovchi fuqarolarning uy-joyiga boʻlgan mulk huquqi eʼtirof etildi.