“Bir million oʻzbek dasturchisi” loyihasining navbatdagi mavsumiga start berildi

    Loyiha doirasida yuqori natija koʻrsatgan eng yaxshi 2 ta maktabga Prezident sovgʻasi – 2 ta elektromobil berilishi ham rejalashtirilgan.

    Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan “Bir million oʻzbek dasturchisi” loyihasining navbatdagi mavsumiga start berildi. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmatov maʼlum qildi.

    – “Bir million oʻzbek dasturchisi” – Oʻzbekistonda mahalliy dasturchilarni tayyorlash loyihasi boʻlib, loyihada yoshlarni zamonaviy kasblarga bepul onlayn kurslar tashkil etilgan holda oʻqitish maqsad qilingan, – deydi Sh.Ahmatov. – Davlatimiz rahbari har doim taʼlimning mamlakat taraqqiyotidagi hal qiluvchi oʻrni haqida taʼkidlab keladilar. Yurtimizda yoshlarda taʼlimga qiziqish oshib bormoqda. Ammo asosiy muammo – nima oʻqitish va ayniqsa, uzoq hududlarda kim oʻqitishi kabi masalalarda saqlanib turibdi. Mazkur muammoning yechimi sifatida IT yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston va AQSHning “Coursera” platformasi oʻrtasida hamkorlik olib borilmoqda. Ushbu hamkorlik orqali yurtimizning eng olis qishloqlaridagi yoshlar ham dunyoning yetakchi universitetlari va kompaniyalaridan eng yuqori talabga ega boʻlgan kurslarni onlayn oʻqish imkoniga ega boʻlishmoqda. Bu jarayonda yoshlarimizning oʻz maqsadlariga yetishishlari uchun qunt va davomiylik muhim. Kurslarni tamomlab, xalqaro sertifikat imtihonlaridan oʻtish, ularga global mehnat bozoriga yoʻl ochib beradi.

    Qayd etilganidek, Raqamli texnologiyalar vazirligi IT sohasida taʼlim olayotgan iqtidorli talabalarga “Coursera” taʼlim platformasida bepul oʻqib, xalqaro IT sertifikatlarga ega boʻlish imkoniyatini yaratdi. “Bir million oʻzbek dasturchilari” loyihasi 2025-2026-yillar rejasida xalqaro IT sertifikatlarni olganlar sonini 1 millionga, professional xalqaro IT sertifikatlar olganlar sonini esa 30 mingga yetkazish maqsad qilingan.

    Qolaversa, loyiha doirasida yuqori natija koʻrsatgan eng yaxshi 2 ta maktabga Prezident sovgʻasi – 2 ta elektromobil berilishi ham rejalashtirilgan. Shu bilan birga, loyiha doirasida 14 ta hududda eng yuqori natija koʻrsatgan oʻquvchilarga 700 ta noutbuk, Top-10 nafar oʻqituvchiga chet-elga sayohat, loyiha doirasida eng yuqori natija koʻrsatgan 100 ta oʻqituvchiga 10 mln. soʻmdan pul mukofoti va Top-3 oliy taʼlim muassasalariga pul mukofotlari berilishi koʻzlangan.