Shu bois, Agentlikning Samarqand viloyat boshqarmasida nafaqat rasmiy tarzda, balki, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham kelib tushayotgan murojaatlar masʼul xodimlar tomonidan alohida nazoratga olingan. Jumladan, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqoʻrgʻonlik 2014-yilda tugʻilgan Muslima Hosilovaga tegishli tugʻilganlik guvohnomasi topib olinganligi toʻgʻrisidagi eʼlonlar tarqalgan edi.

Boshqarma boshchiligida ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida tezkor chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, “Yagona FHDYO elektron arxivi” tizimi orqali koʻrilganda ushbu guvohnoma mazkur tumanning “Bogʻot” mahallasida yashovchi Dilrabo Hosilovaning farzandiga tegishli ekani maʼlum boʻldi. Tuman FHDYO boʻlimi tomonidan joyiga chiqqan holda, guvohnoma oʻz egasiga topshirildi.

— Eʼtiborsizlik tufayli guvohnomani yoʻqotib qoʻygan edim, — deydi D. Hosilova. — Qizim 1-guruh nogironi. Toshkentga davolanish uchun olib ketayotgan vaqtim shu koʻngilsizlik sodir boʻldi. Tuman FHDYO boʻlimi xodimlari qoʻngʻiroq qilib, guvohnomani topilgani haqida aytishib, uyimga olib kelib berishdi. Ochigʻi, uni topish masalasida sarson boʻlayotgandim.

Murojaatlar ortida kimningdir orzu-oʻylari, quvonch va gʻamlari, tashvishlari yotadi. DXA Samarqand viloyat boshqarmasi ana shu oltin qoidani oʻz shiori bilib, fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish, ularning davlat xizmatlariga boʻlgan talab va ehtiyojlarini taʼminlash yoʻlida bilim va salohiyati hamda mahoratini ayashmayapti.

Maʼlumot oʻrnida qayd qilish joizki, FXDYO arxiv maʼlumotnomalari va axborotini olish imkoniyatini beruvchi yagona elektron arxivi tizimi idoralararo integratsiyalashuv, elektron hamkorlikni kengaytirish orqali byurokratik toʻsiqlar, korrupsiya holatlarini yuzaga kelishining oldini oladi. Uning yordamida fuqarolar vakolatli davlat organlari va tashkilotlarga bormasdan davlat xizmatlaridan foydalanishga erishadilar.

DXA Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati