“Bir oylik armiya” uchun pul toʻlanganidan keyin yoshi 27 dan oshib ketsa ham SCHRga borish kerakmi yoki toʻlangan pul qaytariladimi?

    Harbiy 18 May 2021 84986

    AOKAda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti boshligʻi polkovnik Bahrom Zulfiqorov ishtirokida brifing boʻlib oʻtdi. Unda Mudofaa vazirligi faoliyatiga oid fuqarolardan kelgan dolzarb savollarga javob qaytarildi.

    SAVOL: Men akademik litseyda 8 yildan beri Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fanidan dars beraman. Harbiy unvonim zaxiradagi leytenant. Savolim shundan iboratki, qonun boʻyicha menga navbatdagi harbiy unvon beriladimi, yoʻqmi?

    JAVOB: Oʻzbekiston Respublikasi “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunining 34-moddasida“Oʻquv-mashq harbiy yigʻinlarida qatnashgan va taʼlim dasturi boʻyicha imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan harbiy xizmatga majburlarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda navbatdagi harbiy unvonlar rezervdagi podpolkovniklikka qadar boʻlgan va podpolkovnik unvonlari berilishi mumkin” – deb belgilangan.

    Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunining 11-moddasi ikkinchi xatboshisida “Harbiy yigʻinlar oʻquv-mashq, sinov yigʻinlari va maxsus yigʻinlarga boʻlinadi” va oltinchi xatboshisida “Rezervchilarni harbiy yigʻinlarga jalb etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi” – deb koʻrsatilgan.

    Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Siz oʻquv-mashq harbiy yigʻinlarida qatnashsangiz va taʼlim dasturi boʻyicha imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirsangiz belgilangan tartibda Sizga navbatdagi harbiy unvonlar berilishi mumkin.

    ***

    SAVOL: Safarbarlik chaqiruv rezervida “bir oylik armiya” uchun pul toʻlanganidan keyin qancha vaqt davomida xizmatga borish majburiy hisoblanadi? Pul toʻlab qoʻyilganidan keyin yoshi 27 dan oshib ketsa ham SCHRga borish kerakmi yoki toʻlangan pul qaytariladimi?

    JAVOB: “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasida fuqarolar SCHR xizmatini 18 yoshdan 27 yoshga qadar oʻtashlari belgilab qoʻyilgan. Shunga muvofiq, SCHR pul badalini toʻliq toʻlagan fuqarolar 27 yoshga toʻlgunga qadar oylik harbiy yigʻinga jalb etiladi.

    Shuningdek, mazkur qonunning 6-moddasiga muvofiq, SCHR pul badalini toʻlab oylik harbiy yigʻinga jalb etilmagan fuqarolar 27 yoshga toʻlishi bilan SCHR xizmatchilari hisobidan chiqariladi va Qurolli Kuchlar zahirasiga oʻtkaziladi.

    Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yildagi 267-sonli qaroriga muvofiq, pul badallarini toʻlagan, biroq harbiy yigʻinlardan oʻtmagan safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchisiga toʻlangan mablagʻlar, agar u harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilganda va unga tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi (TMEK) tomonidan 27 yoshgacha I, II yoki III guruh nogironligi berilgan holatda yoki vafot etgan taqdirda toʻlangan pul badallari belgilangan tartibda qaytarib beriladi. Boshqa holatlarda Maxsus hisob raqamga oʻtkazilgan pul badallari qaytarib berilmaydi.

    ***

    SAVOL: Sobiq Sovet Ittifoqi davrida Afgʻonistonda harbiy xizmatni oʻtagan harbiy xizmatchilar toʻgʻrisidagi arxiv hujjatlar qayerdan olinadi? Bu borada qayerga murojaat qilish kerak?

    JAVOB: Sobiq Sovet Ittifoqi davrida Afgʻoniston Demokratik Respublikasi hududida cheklangan kontingent tarkibida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan fuqarolar hududiy (tuman) mudofaa ishlari boʻlimlari orqali Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi markaziy arxividan arxiv maʼlumotnomasini oladilar.

    ***

    SAVOL: Qanday hollarda kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar oilaviy sharoitiga koʻra xizmat joyini oʻzgartirishi mumkin?

    JAVOB: Oʻzbekiston Respublikasi fuqorolarning harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 133-bandiga asosan kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchini oilaviy sharoitiga koʻra yangi xizmat joyiga oʻtkazish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

    a) Harbiy tibbiy komissiya xulosasiga muvofiq harbiy xizmatchi oila aʼzolarining (eri, xotini, farzandlari va harbiy xizmatchining qaramogʻidagilar) ushbu joyda yashash imkoniyati boʻlmaganda;

    b) yashash joylaridagi mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimi organi komissiyasining xulosasiga muvofiq doimiy oʻzgalar parvarishiga (yordamga, nazoratga) muxtoj va harbiy xizmatchining parvarish qilish imkoni boʻlgan boshqa aka-ukalari boʻlmagan taqdirda, alohida yashovchi otasi, onasi (shu jumladan eri, xotini) ni doimiy parvarishlash uchun.

    ***

    SAVOL: Men 2006-yilda tugʻilganman. Maktabga bir yil oldin, yaʼni 6 yoshimdan chiqqanman. Hozir 15 yoshdaman va tengdoshlarimdan bir yil oldin 9-sinfni tamomlayapman. “Temurbeklar maktabi”da oʻqishimni davom ettirish maqsadida Mudofaa ishlar boʻlimiga murojaat qildim. Ular yoshing kichkina, toʻgʻri kelmaydi, deb qaytarishdi. Agar talabgor 9-sinfni tamomlaganlik toʻgʻrisidagi shahodatnomaga ega boʻlsa, 15 yoshida ham “Temurbeklar maktabi”ga oʻqishga kirishi mumkinmi?

    JAVOB: Siz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyiga oʻqishga kirishingiz mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-iyundagi PQ-4375-son qaroriga bilan tasdiqlangan “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi toʻgʻrisidagi nizomning 15-bandi talablariga asosan. “Temurbeklar maktabi”ga joriy yilda umumtaʼlim va ixtisoslashtirilgan maktab-internat maktablarining
    9-sinfini tamomlaganlik toʻgʻrisidagi shahodatnomaga ega, sogʻligʻining holatiga koʻra oʻqishga yaroqli deb topilgan hamda haqqoniy va shaffoflik tamoyillariga asoslangan saralash tanlovidan muvaffaqiyatli oʻtgan, erkak jinsli Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari oʻqishga qabul qilinadi deb belgilangan.

    ***
    SAVOL: Hozirda 23 yoshdaman. Menga tuman mudofaa ishlar boʻlimidan “bir oylik armiya” uchun chaqiruv qogʻozi kelgan. Ayni paytdagi oilaviy ahvolim sabab bir oylik xizmatni oʻtash uchun toʻlanadigan badalga qurbim yetmaydi. Bu borada oilaviy sharoiti ogʻir yoki ayrim sabablarga koʻra vaqtincha badal pulini toʻlay olmaydiganlar uchun qanday yengilliklar bor?

    JAVOB: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-mart kunidagi PQ-4630-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish boʻyicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq, har yili mart-aprel oylari davomida mudofaa ishlari boʻlimi huzurida tuman (shahar) hokimining oʻrinbosari raisligida Hududiy komissiya tuziladi.

    Mazkur komissiya oʻz ish faoliyatini chaqiriluvchilarning shaxsiy hujjatlar yigʻma jildlarini oʻrganishdan boshlaydi.

    Bunda komissiya tomonidan asosiy eʼtibor, chaqiriluvchilarning tibbiy koʻrik xulosasiga, ularning maʼnaviy va kasbiy xususiyatlariga, oilaviy, moddiy sharoitiga, oila aʼzolarining ijtimoiy holatiga qaratiladi, oʻrganish jarayonida tibbiy koʻrik xulosasiga koʻra harbiy xizmatga yaroqli boʻlib, lekin oilaviy-moddiy sharoiti ogʻir boʻlgan chaqiriluvchilar aniqlangan hollarda, Hududiy komissiya tomonidan ularni safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olmaslik choralari koʻriladi.

    ***

    SAVOL: Harbiy OTMga qabul qay tartibda amalga oshiriladi? Kursantlarni saralab olishdagi sinovlar, test jarayonlari, fanlar kesimi va bu borada ayni kundagi oʻzgarishlar haqida batafsil maʼlumot bersangiz.

    JAVOB: Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining 2015-yil 2-fevraldagi 72-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga asosan:

    Dastlabki tanlash tadbirlari ikki bosqichda oʻtkaziladi.

    Birinchi bosqich fuqaro yoshlar uchun — tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlarda, harbiy xizmatchilar uchun — oʻz xizmat oʻtash joyida 1-fevraldan 31-martga qadar amalga oshiriladi hamda ushbu bosqichda quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va oʻtkaziladi:

    hujjatlarni toʻplash va oʻrganish;
    yakka tartibda suhbatlashish;
    birlamchi tibbiy koʻrikdan oʻtkazish.

    Ikkinchi bosqich fuqaro yoshlar va harbiy xizmatchilar uchun mudofaa ishlari boʻyicha boshqarmalarda 1-apreldan 31-mayga qadar amalga oshiriladi hamda ushbu bosqichda quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va oʻtkaziladi:

    individual-psixologik oʻrganish;
    umumjismoniy tayyorgarlik koʻrganligini baholash;
    yakuniy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish (harbiy okrug hududida joylashgan harbiy gospitallarda).

    Dastlabki tanlash tadbirlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlarni davlat test sinovlarini iyul-avgust oylarida boʻlgan muddatda respublikamizning barcha oliy taʼlim muassasalariga oʻtkaziladigan test sinovlari bilan bir vaqtda Davlat test markazi tomonidan joylarda oʻtkaziladi.

    Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti