Bir qator hududlar chegaralari o‘zgartirildi

    Mamlakatimizda 11 Sentabr 2020 985

    Davlatimiz rahbari joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida joriy yilning may oyida Toshkent shahrining Zangiota va Sergeli tumanlariga hamda iyun oyida Namangan viloyatiga tashrif buyurgan edi.

    Ushbu tashriflar davomida Toshkent shahri va Namangan viloyatining salohiyatini har tomonlama yuksaltirishga qaratilgan qator yangi g‘oyalar ilgari surildi, mas’ullarga tegishli amaliy ko‘rsatmalar va vazifalar berildi.

    Senatning yettinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 69, 78-moddalariga hamda “O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi Qonunining 18, 23 va 25-moddalariga muvofiq, “Toshkent viloyati Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyo‘l va O‘rtachirchiq tumanlarining, Toshkent shahri Sergeli va Bektemir tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish hamda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish to‘g‘risida”gi Oliy Majlis Senatining Qarori tasdiqlandi.

    Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil may oyida Zangiota va Sergeli tumanlariga tashrifi davomida jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan edi. Ushbu taklif joriy yil iyul oyida Toshkent viloyati va Toshkent shahri aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish masalasi xalq deputatlari Toshkent shahar hamda Toshkent viloyati Kengashlari tomonidan ma’qullangan.

    Yangidan barpo etilayotgan Yangihayot tumaniga Toshkent shahridan 2 131,2 gektar hamda Toshkent viloyatidan 2 288,4 gektar, jami 4 419,6 gektar yer maydoni ajratilib, Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralari muvofiqlashtirilmoqda.

    Bu bilan Yangihayot tumanida 115 ta sanoat korxonasi, 277 ta xizmat ko‘rsatish korxonasi, 1 148,8 gektar qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlar va 388,8 gektar aholi tomorqa yerlari nazarda tutilgan.

    Qayd etish joizki, yangi tashkil etilayotgan tuman Toshkent shahar bo‘ysunuvidagi tumanlar toifasiga kiritilib, aholisi 147 ming nafarni tashkil etib, shahar aholisining 5,8%ni qamrab oladi. Shuningdek, 47 ta shtat birligidan iborat tuman hokimligi, vazirlik va idoralarning tuman bo‘limlari tashkil etilishi natijasida boshqaruv samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.

    Bundan tashqari, aholi bandligini ta’minlash va turmush sharoitini yaxshilash maqsadida tumanni kompleks rivojlantirish va kelgusida istiqbolini belgilash bo‘yicha alohida Dastur ishlab chiqilishi belgilangan.

    Shuningdek, majlisda “Namangan viloyatining Namangan shahar tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish to‘g‘risida”gi Oliy Majlis Senati qarori ham tasdiqlandi.

    Ta’kidlash lozimki, Davlatobod tumaniga 1977-yil 29-avgustda asos solingan bo‘lib, uning hududi 1 125 gektarni tashkil qilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2003-yil 12-dekabrdagi qaroriga asosan tuman tugatilgan va 2004 yil 1 yanvardan Namangan shahri tarkibiga qo‘shib yuborilgan edi.

    Muhokama qilingan Senat qaroriga ko‘ra, Namangan shahri hududining 4 686 gektar (26%) yer maydonida Davlatobod tumani tashkil etilib, ilgari 2004-yilgacha faoliyat ko‘rsatgan Davlatobod tumani hududiga nisbatan qariyb 4,2 barobarga kengaytirilmoqda.

    Shu bilan birga, Davlatobod tumani shahar tarkibidagi tuman toifasiga kiritilib, 21 ta shtat birligidan iborat tuman hokimligi, vazirlik va idoralarning barcha tuman bo‘limlari tashkil etilishi belgilanmoqda.

    Yangidan tashkil etiladigan tuman hududida 25 ta mahalla fuqarolari yig‘ini, 33 850 ta xonadon, 421 ta ko‘p qavatli uy, 3 ta kasb-hunar kolleji, 18 ta umumta’lim maktabi, 24 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 5 ta tibbiyot muassasasi, 1 280 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari, 698 ta xizmat ko‘rsatish ob'yekti, 429 ta sanoat korxonasi hamda 2 ta madaniy meros ob'yekti mavjud. Mazkur tuman aholisi 149,6 ming nafarni tashkil etib, Namangan shahar aholisining 23,8 foizini qamrab oladi va istiqbolda zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurilishi hisobiga urbanizatsiya jarayoni jadallashishiga, shuningdek, yangi infratuzilma ob'yektlari barpo etilishi va aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

    Ta’kidlash lozimki, Toshkent viloyati Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyo‘l va O‘rtachirchiq tumanlarining, Toshkent shahri Sergeli va Bektemir tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish hamda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish va Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi Oliy Majlis Senati Qarorlarining ma’qullanishi kelgusida mazkur hududlarning yanada taraqqiy etishiga dasturilamal bo‘ladi.

    O'zbekiston Respublikasi
    Oliy Majlisi Senatining
    Axborot xizmati