Bir qator qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda

    Oliy Majlis Senatining ellik oltinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama etildi.

    Amaldagi qonun hujjatlarini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan ushbu Qonun yangilangan Konstitutsiyada mustahkamlangan tamoyillarni amalga oshirishga qaratilgan bir qator muhim tuzatishlarni oʻz ichiga olganligi qayd etildi.

    Xususan, 26 ta qonun hujjatlarining, shu jumladan 6 ta kodeks va 20 ta qonun normalari yangilangan Konstitutsiyaning 19-moddasida belgilangan “Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar qonun oldida tengdirlar” degan qoidaga muvofiqlashtiriladi.

    Shuningdek, mazkur Qonun orqali “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonun ommaviy axborot vositalarining erkinligi va mustaqilligi hamda qonunga muvofiq ish olib borishi haqidagi norma bilan toʻldiriladi.

    Yana muhim oʻzgarishlardan biri Mehnat kodeksi va “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunga qarindoshining sudlanganligiga qarab ishga qabul qilishni rad etish kabi kamsitishlarning oldini olish bilan bogʻliq oʻzgartirishlar kiritilyapti.

    Senatorlar tomonidan ushbu Qonun fuqarolar himoyasining huquqiy kafolatlarini yanada mustahkamlashga, ularning huquqlarini amalga oshirishda, shu jumladan ishga qabul qilishda teng imkoniyatlarni taʼminlashga, shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.