Bir qator tuman va Kattaqoʻrgʻon shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi muhokama etildi

    Mamlakatimizda 1 Mart 2022 2327

    2022-yil 1-martda Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda Boyovut, Boʻston, Toʻraqoʻrgʻon, Qarshi, Olot tumanlari va Kattaqoʻrgʻon shahrini 2020-2022-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha tasdiqlangan dasturlar ijrosi muhokama qilindi.

    Taʼkidlanganidek, sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarini rivojlantirish yoʻnalishida umumiy qiymati qariyb 1 trillion 650 milliard soʻmlik 358 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 4 700 dan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratilgan.

    Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha belgilangan tadbirlar doirasida 194 milliard 800 million soʻmdan ziyod byudjet mablagʻlari hisobiga 17 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 27 ta umumtaʼlim maktabi, 3 ta tibbiyot kolleji va 12 ta sogʻliqni saqlash muassasasi binolari hamda 3 ta madaniyat obyektida qurilish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan.

    Bundan tashqari, hududlardan oʻtuvchi 214,1 kilometr uzunlikdagi davlat va mahalliy ahamiyatdagi yoʻllarni rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan. Jumladan, Qarshi tumanida 6 kilometr Toʻraqoʻrgʻon tumanida 21,1 kilometr, Boʻston tumanida 120 kilometr, Olot tumanida 19 kilometr hamda Kattaqoʻrgʻon shahrida 48 kilometr avtomobil yoʻllari qurilgan va qayta taʼmirlangan.

    Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida 10 ta suv inshooti qurilib, 502,1 kilometr uzunlikdagi ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortilgan, koʻp kvartirali uylar oldida 12 ta bolalar sport maydonchasi foydalanishga topshirilgan, 7 880 kvadrat/metr kirish yoʻlaklari taʼmirlanib, 211 ta tungi chiroq oʻrnatilgan hamda 11 ta zamonaviy tandirxona va 7 ta hojatxona qurilgan.

    Majlisda mazkur hududlarni 2020-2022-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari dasturi ijrosini oʻrganish davomida aniqlangan kamchiliklarga urgʻu berildi.

    Jumladan, dasturlarda moliyalashtirish manbalari aniq belgilab qoʻyilganligiga qaramasdan, mablagʻlar ajratilmaganligi sababli bir qator tadbirlarning bajarilishi taʼminlanmagani taʼkidlandi.

    Xususan, Boyovut tumanida 2 ta hamda Boʻston tumanida 1 ta loyiha boʻyicha tijorat banklari tomonidan kredit mablagʻlari ajratilmagan.

    Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 6 ta ijtimoiy soha obyektini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash uchun Investitsiya dasturida koʻzda tutilgan 23 mlrd soʻmlik mablagʻlar ajratilmagan.

    Mahalliy byudjet hisobidan jami 17 milliard 500 million soʻm mablagʻlar ajratilmaganligi sababli Qarshi tumanida 2 ta, Toʻraqoʻrgʻon tumanida 8 ta, Boyovut tumanida 2 ta, Olot tumanida 1 ta loyihaning ijrosi taʼminlanmagan.

    Shuningdek, ayrim vazirlik va idoralar tomonidan tegishli mablagʻlar ajratilmagani oqibatida dasturda belgilangan ishlar bajarilmasdan qolayotgani alohida qayd etildi.

    Senat aʼzolari kamchiliklarni bartaraf etish borasida oʻz taklif va tavsiyalarini bildirdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.