Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotda raqobatni rivojlantirish va xususiy sektorning rolini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, 2025-yil 1-apreldan quyidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha eksklyuziv huquqlari bekor qilinadi:
- “Oʻzbekekspertiza” AJ va uning hududiy boʻlinmalarining xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkka sertifikat berish boʻyicha;
- “OʻzInjiniring” loyiha institutining investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha;
- “Milliy PR-markazi” DUKning Oʻzbekiston turizm salohiyatini targʻib qilishga yoʻnaltirilgan xorijiy kompaniyalarning prodyuserlik va reklama xizmatlarini, xorijiy teleradiokompaniyalar va boshqa ommaviy axborot vositalarining reklamalari, reportajlari va boshqa roliklarini tayyorlash va translyatsiya qilish boʻyicha;
- “Sag agro MTP” MCHJning yongʻoq ishlab chiqaruvchilarga agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha mexanizatsiya xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha;
- “Oʻzbekiston standartlar instituti” davlat muassasasining milliy standartlarni shartnoma asosida boshqa tillarga tarjima qilish boʻyicha.
“Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUKning turoperator, joylashtirish vositalari, togʻ changʻisi trassalari va plyajlar xizmatlarini sertifikatlashtirish, ularga toifa berish, shuningdek, sertifikatlashtirilgan xizmatlarining standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi ustidan inspeksiya nazoratini oʻtkazish vazifasi Turizm qoʻmitasiga oʻtkaziladi.